IIBdan chiqqan o‘lik. Qotil kim?

3-sahifa

Joriy yilning iyun oyida Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga jalb etilgan fuqaro vafot etgani yodingizda bo‘lsa kerak. Uning o‘limidan so‘ng voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olinib, tuman IIB boshlig‘i Boboxanov va boshqa mas’ul shaxslar lavozimidan ozod etilgan edi. 1 dekabr kuni tergovda fuqaroning o‘limiga sababchi bo‘lgan IIB xodimlariga sud hukmi o‘qildi.

O‘zbekistonda ichki ishlardan o‘lik chiqishi birinchi marta emas. Tergov hibsxonalaridagi qiynoqlar davlat rahbari darajasida ko‘p tanqid qilinadi. Jamoatchilik bong uradi. Lekin Bo‘ka voqeasi oxirgisi bo‘lgani yo‘q. Andijon va Qashqadaryodagi qiynoqning izi, chiqqan o‘likning go‘ri hali sovumasdan Bo‘ka va Chilonzor, yaqinda esa Chirchiq shahar  IIBda o‘zini osgani, ammo badanida jarohatlari borligi aytilgan 22 yoshli bolaning o‘ligi chiqqanini ham eshitdik.

Bo‘ka holatida kimni necha yilga qamalganini aytishdan avval, voqea tafsilotlariga to‘xtalsak.

Gap shundaki, shu yilning 4 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida fuqaro bir qator o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan. Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro himoyachisi ishtirokida Bo‘ka tumani IIB tergov xonasida videoga to‘liq yozib olingan holda so‘roq qilingan.

Gumonlanuvchi soat 19:00 da Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi bilan protsessual tartibda ushlangan va Bo‘ka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, shu kuni soat 23:30 larda gumonlanuvchining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan u vafot etgan.

Sud hukmida yozilishicha, IIB xodimi Subanov o‘zining xizmat mavqeini suiiste’mol qilib, mansabidan foydalanib, jinoiy sherigi Janbiyev (IIB xodimi) bilan birgalikda, tezkor vakil G‘aniyevga fuqaro Salimbayevni tuman IIB ma’muriy binosiga olib borishi va biror-bir isbotlangan asos bo‘lmasada uni ushlab turishi va undan iqrorlik ko‘rsatmasini olishni aytadi.

Xodim Salimbayevni Bo‘ka tuman IIB ma’muriy binosiga olib borib, IIBga olib kelingan fuqarolar so‘rov xonasida audio – videoga qayd etilgan holda tezkor-surishtiruv ishlarini olib borishi shart ekanligini bila turib, fuqaro Salimbayevni 2023 yil 11 may kuni soat taxminan 20:30 larda Bo‘ka tuman IIB ma’muriy binosiga kirishdagi mavjud “Ichki ishlar idorasiga ushlab keltirilganlarni hisobga olish” ro‘yxatidan o‘tkazmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri IIBga olib kirgan.

Xodimlar G‘aniyev va Janbiyev Salimbayevdan o‘g‘rilik jinoyatiga sherik sifatida iqrorlik ko‘rsatuvini olish maqsadida, fuqaroning qo‘llariga taqilgan kishanlarini yechmagan holda, hayot va sog‘lik uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlikni qo‘llash tahdidi bilan, uning tanasini turli joylariga qo‘llari bilan urib, oyoqlari bilan tepib, qiynash, azob berish yo‘li bilan unga nisbatan qonunga xilof ravishda ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazib, qiynoqqa solishlari oqibatida, Salimbayev 2023 yilning 4 iyun kuni soat 00-10larda tuman IIB JQB binosida, yetkazilgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etib, odam o‘lishiga sabab bo‘lishgan.

O‘rta Chirchiq tumani sudida ushbu holat ko‘rib chiqildi sudlanuvchilarga sud hukmi o‘qildi. Hukmda keltirilishicha, fuqaroning o‘limida 4 nafar xodim aybdor deb topilgan. Ular Bo‘ka tumani IIB JQB boshlig‘i bo‘lgan 37 yoshli J.S., bo‘limning tezkor vakillari – 38 yoshli D.J. hamda 31 yoshli Sh.G‘., shuningdek, Bo‘ka tumani IIB profilaktika inspektori 31 yoshli S. T.

Bo‘ka tumani IIB JQB boshlig‘i bo‘lgan 37 yoshli J.S. Jinoyat kodeksining 207-moddasi 3-qismi “a” bandi, 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 2-qismi “a,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

38 yoshli D.J. Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

31 yoshli Sh.G‘. Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bo‘ka tumani IIB profilaktika inspektori S. T. Jinoyat kodeksining 235-moddasi 2-qismi “a,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ularning barchasi 3 yil muddatga Ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made