Kusherboyev deputatlikdan nega ketdi? Ekslyuziv intervyu

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, bugun, 23 dekabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev deputatlik lavozimidan voz kechdi. 

Xo‘sh, uning xalq vakillik organidan ketishi sabablari nima? Deputatlarga bosimlar hamon mavjudmi? Nega mamlakatning 2023 yildagi byudjeti muhokama qilingan majlisda ishtirok etmadi? O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Oliy Majlis palatalariga murojaat yo‘llaganidan keyin Kusherboyev lavozimini tark etishi ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. QALAMPIR.UZ ushbu savollar bilan Kusherboyevga mikrofon tutdi. 

“Parlamentga bunday munosabat bo‘layotganidan qattiq xafaman. Prezidentimiz parlament bu –demokratiya maktabi degan. Odamlar bu yerda demokratiya nimaligini o‘rganishi kerak, yoshlar kelib bahs-munozaralarni ko‘rsin, degan. Bu yerda xalqning manfaati yo‘lida xizmat qiladigan qonunlar qabul qilinishi kerak bo‘lgan joy degan. Shuncha gaplardan keyin ham boshqa idoralarning, ayrim amaldor rahbarlarning deputatlarga, parlamentga munosabati bu yo‘sinda saqlanib qolayotganidan juda ham afsusdaman. Qattiq xafaman”, deydi deputat.

Shuningdek, u amaldorlarning munosabati amalda o‘zgarmayotganidan tashvishlanayotganini qayta-qayta tilga oldi. 

“Bunaqa joyda ishlash qiyin to‘g‘risi. O‘zi zo‘rg‘a yuribmiz. Ko‘p ishlarimizning foydasi bo‘lmayapti. Shuning uchun yaqin kunlarda ishdan ketmoqchiman. Shunga qaror qabul qildim. Boshqa yo‘li qolmadi. O‘zgarishlar bo‘lishini xohlayapmiz. Lekin ko‘p joylarda ikkiyuzlamachilik bo‘lib yotibdi”, deya ta’kidladi Rasul Kusherboyev.

Deputat o‘z fikrini yakunlar ekan, bu vaziyatda o‘zining ham aybi borligini bildirdi.

“Asosiy aybdor o‘zimiz. Ayb o‘zimda. O‘zimda eng ko‘p kamchiliklar bor. Shu sharoitga moslasholmadim. Bunaqa ishlar bo‘layotganini yonida turib kuzatish va chidash qiyin. Haqiqiy azob! Buni keyin tushunib yetarsizlar”, deya o‘z afsuslarini bildirdi Kusherboyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1112

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made