O‘zingniki o‘zagingni qirqar. 40 yil josuslik qilgan mansabdor 15 yilga qamaldi

Olam

image

AQSH sudi Amerikaning Boliviyadagi sobiq elchisi Manuel Rochani Kuba foydasiga josuslik qilganlikda ayblab, 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda CNN xabar berdi. 

Qayd etilishicha, 2000 yildan 2002 yilgacha AQSHning Boliviyadagi elchisi bo‘lib ishlagan Viktor Manuel Rocha noqonuniy xorijiy agent sifatida ishlaganlik uchun ikki band bo‘yicha aybini tan olgan. Unga birinchi ayblovlar o‘tgan yilning dekabrida qo‘yilgan edi. 

AQSH prokurorlarining da’vosicha, 73 yoshli Rocha Kubaning hukmron Kommunistik partiyasini yashirincha qo‘llab-quvvatlagan va mamlakatga 40 yildan ortiq vaqt davomida, jumladan, AQSH Davlat departamentidagi 20 yillik faoliyati davomida Vashingtonga qarshi razvedka ma’lumotlarini to‘plashda yordam bergan. 

“Bugungi aybni tan olish Rochaning qirq yillik xiyonati va yolg‘onchiligiga barham beradi. Rocha umrining ko‘p qismini yolg‘on bilan o‘tkazdi”, deydi AQSH Adliya vazirligining milliy xavfsizlik bo‘yicha yuqori martabali xodimi Devid Nyuman. 

Rocha Kuba uchun o‘nlab yillar davomida ishlaganini tan oldi. U 2022 va 2023 yillarda o‘zini Kuba tashqi razvedka xizmati vakili sifatida ko‘rsatgan Federal tergov byurosi maxfiy agenti bilan bir qator uchrashuvlar chog‘ida fosh qilinishdan qochish qobiliyati bilan maqtangan. 

Sobiq diplomat federal prokurorlar bilan Kuba razvedkasi bilan aloqalari tafsilotlarini oshkor etishni talab qiladigan kelishuv doirasida aybini tan olishga rozi bo‘lgan. 

Ammo AQSH rasmiylari uning Gavana bilan hamkorligi haqida hech qachon bilmasligi mumkinligiga ishonishadi. 

Prokurorlarning ta’kidlashicha, Rocha unga maxfiy ma’lumotlarga kirish va AQSH tashqi siyosatiga ta’sir o‘tkazish imkonini beradigan lavozimlarni qidirgan. 

Rocha 1981 yildan 2002 yilgacha Davlat departamentida ishlagan va sud hujjatlariga ko‘ra, 1994 yildan 1995 yilgacha Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi a’zosi ham bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Manuel' Rocha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made