Yana bir xususiy universitetning litsenziyasi bekor qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi yana bir nodavlat oliy ta’lim muassasasi – Toshkent Texnologiyalar universiteti litsenziyasi bekor qilindi. Bu haqda kecha, 8 may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati ma’lum qildi.

Tafsilotlarga ko‘ra, 2024 yilning 19 aprel kuni Toshkent Texnologiyalar universitetining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudning ajrimi e’lon qilingan. Kelasi o‘quv yilidan boshlab universitet o‘z faoliyatini davom ettirmaydi. Universitet talabalari esa boshqa oliygohlarga o‘qishga ko‘chiriladi.

Ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish, litsenziyalash, ta’lim sifatini ta’minlash departamenti boshlig‘i Abduvali Xoliqov nodavlat OTM bilan vazirlik o‘rtasida olib borilgan sud ishlariga aniqlik kiritdi.

“Dastlabki bosqichdagi o‘rganishlar natijasi bo‘yicha 5 ta nodavlat OTM litsenziyasi bekor qilindi, sud qarori bo‘yicha va belgilangan tartibda. Bundan tashqari, bir nechtasi o‘rganish natijasi bo‘yicha sudga berildi va ular belgilangan muddatlarda kamchiliklarini bartaraf etganligi va sudda buni asoslab berganligi uchun sud jarayoni to‘xtatildi va OTM faoliyatini davom ettirishga ruxsat berildi. Tekshiruv o‘tkazilgan hammasi ham yopilgani yo‘q. Adashmasam, yaqinda bir manbadan ma’lumot chiqdiki, yirik nodavlat OTM yopilishi rejalashtirilgan, degan. Bunga o‘xshash hech qanday reja yo‘q”, deydi departament boshlig‘i.

Abduvali Xoliqov, shuningdek, nodavlat OTMlarda nima uchun reyd o‘tkazilayotganiga izoh berdi:

“Qachon nodavlat OTMga o‘rganishga boriladi? Qachonki o‘sha tashkilotdan norozilik sifatida murojaat bo‘lganida. “Risk analog” degan narsa bor, ya’ni qizil yonganda. O‘sha yerning talabalari vazirlikka murojaat qilishadi. O‘sha murojaat asosida biznes ombudsmanga gapiramiz. O‘z-o‘zidan vazirlik borib tekshirolmaydi, kirolmaydi ham... Ruxsat olgan holda qonun doirasida o‘rganiladi va inson – aynan talabalarga, professor o‘qituvchilarga salbiy ta’sir qiladigan omillar aniqlanganida ularning faoliyati bo‘yicha sudga murojaat qilinadi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval QALAMPIR.UZ’ning “O‘zbekistonda xususiy universitetlarga qarshi kurash boshlandimi?” nomli maqolasi e’lon qilingan edi. Unda intervyu bergan nodavlat OTM direktori vazirlikka aloqasi bo‘lmagan shaxslar undan pul talab qilgani, vazirlik xodimlari hech qanday ogohlantirishsiz kelib, dalolatnoma tuzib ketgani haqida gapirib bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made