Prezident xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatiga oid qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, mehnat huquqini kafolatlash va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining vazifalari qayta ko‘rib chiqildi, tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitalari tuzilmasida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etildi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo‘linmalari, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi, shuningdek, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni ta’sis etildi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti laureatlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratildi.

Shu bilan birga, xotin-qizlarning huquqlarini kafolatlash, tadbirkorlik sohasida samarali faoliyat yuritish mexanizmlarini yaratishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud.

Jumladan, uzoq muddat bola parvarishlash bilan band bo‘lgan ayollarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash borasidagi ishlar yetarlicha tashkil etilmagan.

Xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, mehnat faoliyatini rag‘batlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida:

1. Belgilab qo‘yilsinki, 2019 yil 1 maydan:

ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilinadi;

tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan soha yoki kasblar ro‘yxati tasdiqlanadi;

bola parvarishlash ta’tilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qo‘shimcha bir oy nafaqa to‘lanadigan bola parvarishlash ta’tili beriladi;

ikki yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;

ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi;

erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitalari ko‘magida nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lgan “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari”ni (keyingi o‘rinlarda markazlar deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

3. Quyidagilarni markazlarning asosiy vazifalari etib belgilash taklif etilsin:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda uzoq muddat bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash va ularning ishga joylashishiga ko‘maklashish;

tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish;

ayollarning o‘z biznesini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish, biznes g‘oyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, shu jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini tanlash va qo‘llash, buxgalteriya hisobini yuritish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;

zarur hollarda, faoliyatini boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga mahallalardagi bo‘sh turgan binolardan joy ajratilishiga ko‘maklashish;

tadbirkor ayollarga va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berish va amaliy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ishonchli hamkorlarni topish, minitexnologiyalar va uskunalar sotib olishda ko‘maklashish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga ko‘maklashish;

norasmiy faoliyat yuritayotgan hunarmand ayollarga ro‘yxatdan o‘tish, “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishda hamda imtiyozli kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatish.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

markazlar biznes-inkubator shaklida xotin-qizlarning tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan tashkil etiladi;

markazlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va asosiy vazifalari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga tijorat banklariga imtiyozli kredit ajratish uchun berilgan resurslardan hisoblangan foizdan kelib tushgan mablag‘lar (bank marjasidan tashqari) hamda xalqaro tashkilotlar grantlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlar tuman (shahar) hokimi va tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxat asosida maxsus o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘qitiladi;

maxsus o‘qitish dasturlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan xotin-qizlar orasidan tegishli tuman (shahar) Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tavsiyasiga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga 6 oylik imtiyozli davr va yillik 8 foiz stavkada imtiyozli kreditlar hududlarda aholi bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishni kreditlash tartiblari asosida ajratiladi;

Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tijorat banklariga har yili ajratiladigan 100 milliard so‘m resurs mablag‘lari ushbu imtiyozli kredit mablag‘larining manbasi etib hisoblanadi. Mazkur resurs mablag‘larining kamida 50 foizi qishloq joylarida istiqomat qiladigan xotin-qizlarning biznesini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi 1 oy muddatda kredit olish uchun tavsiya berish jarayonini adolatli va shaffofligini ta’minlovchi tartibni tasdiqlasin.

5. Xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magidagi komissiya 1-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.

6. Quyidagilar Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

mamlakatda gender tenglikni ta’minlashga va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ayollarning gender tengligi buzilishiga oid murojaatlarini ko‘rib chiqish;

kasbiy segregatsiya, ish haqi o‘rtasidagi farq, aholining iqtisodiy faol qatlami orasida ayollarning ulushini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

ayollarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash va samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda keng qamrovli targ‘ibot ishlarini tashkil etish.

7. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va teng imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

gender tenglik tushunchasi va turlari;

vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari;

davlat boshqaruvida ishtirok etish, ishga qabul qilish yoki yollash, kredit olish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda gender tenglikni ta’minlashga oid normalar;

gender tenglik buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek bunday buzilishga olib keladigan qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik;

b) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

maishiy, ish joyidagi va ta’lim muassasalaridagi tazyiq va zo‘ravonliklar turlari;

vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari;

tazyiq va zo‘ravonliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik;

sudgacha va sud jarayonida tazyiq va kamsitishlarga duchor bo‘lgan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan protsessual kafolatlar.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud, Markaziy bank, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya 
va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2-ilovaga muvofiq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Statistika komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan minimal gender ko‘rsatkichlar va boshqa ma’lumotlarning “gender.stat.uz” veb-saytiga joylashtirilishini va ma’lumotlarni doimiy ravishda yangilanib borilishini ta’minlasin.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda markazlarni barcha sharoitlarga ega bo‘lgan xizmat xonalari bilan ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Adliya vazirligi hamda Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlarini xotin-qizlarning mehnat va tadbirkorlik huquqlari kamsitilishi holatlari mavjudligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilib, tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.K. Narbayeva zimmasiga ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtirish yuzasidan;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M. Ganiyev va O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar va loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlari, birinchi navbatda, ayollarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning texnik ko‘mak vositalari va kreditlarini jalb qilish bo‘yicha doimiy va tizimli ravishda zarur tashkiliy-amaliy choralar ko‘rish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.K. Narbayeva va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

18

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing