Prezident xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirishga oid farmonni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 29 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Quyida mazkur farmonning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni

O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5538-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

a) O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:

O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) O‘quvchilarning ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish;

uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek, professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish;

xalq ta’limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish;

xalq ta’limi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlashning samaradorligini oshirish;

yoshlarni tarbiyalash va ularning bandligini ta’minlashda maktabdan tashqari ta’limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini joriy etish;

davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hisobiga davlat ta’lim tizimida raqobat muhitini kengaytirish;

yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;

xalq ta’limi tizimida faoliyat ko‘rsatishning jozibadorligini oshirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish;

b) O‘zbekiston Respublikasining xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xarita”si) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Konsepsiya tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlar va asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, har yili alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xarita”si orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga:

har yili 1 dekabrga qadar o‘tayotgan yil bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xarita”sini puxta o‘rganish asosida kelgusi yil uchun “Yo‘l xarita”si loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

“Yo‘l xarita”larining bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring yuritish va uning natijalarini har chorakda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib borish vazifalari yuklansin.

3. Quyidagilar mazkur Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

respublika byudjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari;

imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimovga – Konsepsiya va “Yo‘l xarita”sini ijro etish yuzasidan mas’ul vazirliklar va idoralar faoliyatini samarali tashkil qilish va o‘zaro hamkorlik qilish, “Yo‘l xarita”lari bajarilishi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mas’ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga – Konsepsiya va “Yo‘l xarita”sida nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish yuzasidan;

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.X.Shermatovga – Konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini keng yoritish bo‘yicha chiqishlar hamda mavzuga oid ko‘rsatuvlar tashkil etsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 29 aprel 

 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori Xalq ta'limi vazirligi

Baholaganlar

82

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing