Prezident trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 may kuni "Respublika hududlarida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Mazkur qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.  


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori

Keyingi yillarda respublikada to‘qimachilik va tikuv-trikotaj majmualarini tashkil etish, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar hajmi va turlarini kengaytirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari o‘rtasida bozor munosabatlarini shakllantirish, paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy klaster shakllarini joriy qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, qishloq joylarda, mahallalarda va respublikamizning olis hududlarida ishga muhtoj aholi, ayniqsa ayollar bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoitlari va daromadlarini oshirishga qaratilgan tizimli  chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus doirasida tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish orqali qo‘shimcha yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda –“O‘zpaxtasanoat” AJ deb yuritiladi) faoliyatini diversifikatsiya qilish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O‘zpaxtasanoat”  AJ va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining:

respublika hududlarida “O‘zpaxtasanoat”  AJ va uning tizimiga kiruvchi korxonalar ishtirokida yengil konstruksiyali qurilish materiallaridan quriladigan yoki bo‘sh turgan bino va inshootlar negizida tashkil etiladigan tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan majmualarni (keyingi o‘rinlarda – majmua) yaratish;

majmualar foydalanishga qabul qilinganidan so‘ng ularni “O‘zpaxtasanoat” AJ tomonidan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga a’zo bo‘lgan korxonalarga yoki tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan boshqa tadbirkorlik sub’ektlariga 5 yil muddatga, 10 foizdan ortiq bo‘lmagan stavkada lizing asosida yoki sotib olish sharti bilan ijaraga berish haqidagi takliflari ma’qullansin.

2. 2019–2021 yillarda respublika hududlarida yengil konstruksiyali qurilish materiallaridan quriladigan yoki bo‘sh turgan bino va inshootlar negizida tashkil etiladigan tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan majmualarda amalga oshiriladigan loyihalarning (keyingi o‘rinlarda – loyihalar) asosiy ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 martdagi PQ–4227-son “2019 yilda aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2019 yilda ijtimoiy ehtiyojmand aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga – har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida haq to‘lash maqsadida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 5 590,5 million so‘m subsidiya ajratilishi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

4. “O‘zpaxtasanoat” AJ “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda bir oy muddatda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, innovatsion texnologiyalarga asosan, arzon  va mamlakatimizda ishlab chiqariladigan qurilish materiallaridan foydalangan holda majmualarni tashkil etish bo‘yicha yakka tartibdagi namunaviy loyihalarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarining vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazilishini hamda qurilish-montaj ishlarining bajarilishida shaharsozlik normalari va qoidalariga so‘zsiz rioya etilishi yuzasidan nazoratni ta’minlasin.

5. “O‘zpaxtasanoat” AJ tarkibiga kiruvchi tikuv-trikotaj korxonalariga loyihalarni amalga oshirish doirasida istisno tariqasida:

loyihalash va qurilish-montaj ishlarini hamda import qilinadigan texnologik asbob-uskunalarni xarid qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga;

tashkil etiladigan tikuv-trikotaj majmualarini qisqa muddatlarda ishga tushirilishini ta’minlash maqsadida, loyiha va pudratchi tashkilotlarni tender (konkurs) savdolarini o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlash va moliyalashtirishni loyihalash bilan parallel ravishda amalga oshirishga ruxsat berilsin.

6. Quyidagilar loyihalarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi PQ–4231-son “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tijorat banklariga ochgan kredit liniyalari mablag‘lari hisobidan 366 milliard so‘m;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 5 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr bilan 6 foiz miqdordagi foiz stavkasi, shu jumladan tijorat bankining 2 foiz miqdordagi marjasi bilan tijorat banklarida kredit liniyasini ochish orqali ajratiladigan 
50 milliard so‘m;

“O‘zpaxtasanoat” AJ va uning tizimidagi korxonalarning taqsimlanmagan sof foydasi hamda o‘z mablag‘lari. 

7. O‘zbekiston banklari Assotsiyasi tijorat banklari bilan hamkorlikda majmualarda tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun qisqa muddatli kreditlarni taqdim qilish amaliyotini kengaytirsin.

8. Belgilansinki, 2019–2021 yillarda loyihalarni amalga oshirishda va faoliyati davomida tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foizlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi tartibda qoplanadi:

tijorat banki tomonidan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun berilgan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, lekin 5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan holda; 

asbob-uskunalarni sotib olish maqsadida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida.

9. Belgilab qo‘yilsinki, 2022 yil 1 yanvargacha “O‘zpaxtasanoat” AJ va uning tizimidagi korxonalar ishtirokida loyihalarni amalga oshirish doirasida:

mavjud tayyor tikuv-trikotaj majmualarini lizing asosida yoki sotib olish sharti bilan ijaraga boshqa tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan kunga qadar foyda va mol-mulk solig‘idan;

respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qurilish materiallarini belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilsin.

Ishlab chiqarilgan xom ashyo (paxta tolasidan tashqari) va yarim tayyor mahsulotni tizim ichida sotish soliq solish ob’ekti hisoblanmaydi.

Majmualarni lizing asosida sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i ularning balans qiymati va sotish narxi o‘rtasidagi ijobiy farqdan hisoblanadi.

10. Ushbu qaror asosida tashkil etiladigan majmualarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 dekabrdagi PF–5285-son “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni 9-bandining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan bojxona imtiyozlari tatbiq etilsin.

11. “O‘zpaxtasanoat” AJ tarkibiga kiruvchi tikuv-trikotaj korxonalariga, istisno tariqasida, birja savdolari orqali paxta tolasini, keyinchalik uni to‘qimachilik korxonalarida yarim tayyor mahsulotlar shaklida qaytarish asosida qayta ishlash sharti bilan, sotib olish huquqi berilsin.

12. 2019–2021 yillarda respublika hududlarida yengil konstruksiyali qurilish materiallaridan quriladigan yoki bo‘sh turgan bino va inshootlar negizida tashkil etiladigan tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan majmualardagi loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – Ishchi guruh) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Ishchi guruh (A.J.Ramatov)ning asosiy vazifalari etib belgilansin:

loyihalarni sifatli va samarali amalga oshirishga, ularni ijro etish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishga va hamkorligini ta’minlashga qaratilgan tashkiliy, huquqiy va boshqa chora-tadbirlarni bajarishda har tomonlama ko‘maklashish;

loyihalar amalga oshirilishini tizimli tahlil qilish, loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash, barcha kompleks masalalarni o‘z vaqtida va tezkorlik bilan hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va amaliy choralar ko‘rish.

13. “O‘zpaxtasanoat” AJ:

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda hududlarda loyihalarni joylashtirishning aniq manzilli ro‘yxatini shakllantirsin va Ishchi guruhga tasdiqlash uchun kiritsin;

tashkil etiladigan tikuv-trikotaj majmualarini xom ashyo bilan uzluksiz ta’minlash hamda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini oshirish maqsadida olti oy muddatda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida joylashgan sobiq paxta tozalash korxonasi hamda Namangan shahrida joylashgan mintaqaviy paxta terminali negizida paxta tolasini qayta ishlash va keyinchalik undan yuqori sifatli matolar ishlab chiqarishni tashkil etsin.

14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi majmualarni tashkil etish uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud, birinchi navbatda, “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan aholi punktlarida yer maydonlari ajratilishini ta’minlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari “O‘zpaxtasanoat” AJ tomonidan tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish uchun, istisno tariqasida, foydalanilmayotgan va bo‘sh turgan davlat ob’ektlarining “nol” qiymatda berilishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, “O‘zpaxtasanoat” AJ va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, jumladan yengil sanoatga ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlarida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan o‘quv kurslarini tashkil etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

17. “O‘zpaxtasanoat” AJ manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti masalahatchisining o‘rinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin. 

Shavkat Mirziyoyev, 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

5

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing