O‘zbek karatechilari A seriya musobaqsida 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi

Sport

image

17-19 may kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida karatening WKF yo‘nalishi bo‘yicha A seriya turkumiga kiruvchi yirik musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Mazkur turnirda ishtirok etgan ikki o‘zbekistonlik karate ustasi bronza medali bilan taqdirlandi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Musobaqada dunyoning 101 davlatidan 1800 nafardan ortiq karatechi medallar bilan birga Tokio olimpiadasiga beriladigan reyting ochkolari uchun ham bahs olib borishdi.

Nufuzli musobaqada qatnashgan 6 nafar o‘zbek sportchisidan 2 nafari sovrindorlar safidan joy oldi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda 61 kg.gacha vazn toifasida ishtirok etgan Barno Mirzayeva bronza medalini qo‘lga kiritdi. Birinchi uchrashuvda eronlik Altuni Neginni mag‘lub eta olgan yurtdoshimiz keyingi bahsda mezbon vakilasi Koban Mervega imkoniyatni boy berib qo‘ydi. O‘tish bahslarida Belgiya, Braziliya, Ekvador va yaponiyalik karatechilardan ustun kelgan Barno uchinchi o‘rin uchun bellashish imkoniyatini saqlab qoldi. Bronza uchun kechgan bahslarda esa tunislik Xasnau Butenani 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan Mirzayeva 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Jamoaga navbatdagi medalni 60 kg.gacha vazn toifasidagi Sadriddin Saymatov taqdim etdi. Chorak finalgacha Belgiya, Iordaniya, Gruziya, Eron va Gretsiya vakillaridan ustun kelgan o‘zbek sportchisi yarim finalga yo‘llanmasi uchun bahsda qozog‘istonlik Erkinbek Baytureshevga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. 3-o‘rin uchun kechgan bahslarda Saymatov italiyalik Andjelo Kresenzoni mag‘lub etdi.

Ma’lumot uchun, ahamiyati bo‘yicha Premer-Liga musobaqalaridan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi A seriya turkumiga kiradigan xalqaro musobaqa joriy yil 4 bosqichda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ikkinchisi Istanbulda uyushtirilgan ushbu nufuzli musobaqaning dastlabkisiga Zalsburg (Avstriya) mezbonlik qilgan. Keyingi bosqichlar Monreal (Kanada, 21-23 iyun) va Santyago (Chili, 20-22 sentyabr) shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

karate

Baholaganlar

4

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing