Video: Germaniyadagi asirlar lagerida vafot etgan 35 o‘zbek xotirasiga yodgorlik o‘rnatiladi

Intervyu

Germaniyadagi Shtukenbrok qabristonida 1941-1945 yillarda dafn etilgan 35 nafar o‘zbekning qabri bor. Ular asirlar lagerida halok bo‘lgan. Shu kunlarda ularga oid ma’lumotlarni izlab topish, shaxsini aniqlash yuzasidan ish olib borilmoqda. Tez orada ushbu qabristonda Ikkinchi Jahon urushida halok bo‘lgan 35 nafar o‘zbek yigiti xotirasiga yodgorlik o‘rnatiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nabijon Qosimov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) tomonidan Yevropa Ittifoqining ko‘magi ostida amalga oshirilayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida Germaniya bo‘ylab media-tur tashkil etildi. Ayni vaqtda Berlinda bo‘lib turgan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov Berlindagi O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib, elchi Nabijon Qosimov bilan suhbatlashdi.

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi 9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi Jahon urushi yilarida fashizm harbiy lagerlarida halok bulgan o‘zbek  soldatlari  to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ish, qabrlarini topish va ro‘yxatini aniqlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Germaniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeri Detmold rayonining Shtukenbrok shaharchasida  joylashgan "Shtalag  326" - harbiy asirlarga oid ma’lumotlar markazi va muzeyi bilan yaqin aloqalar o‘rnatilgan.

Elchi Nabijon Qosimovga ko‘ra, 1941-1945 yillarda bu yerda barpo etilgan lagerga keltirilgan 42 000 harbiy asirlar orasida 360 nafar o‘zbek askarlari bo‘lgan. Ulardan 35 nafari "Shtukenbrok" qabristoniga umumiy holda dafn etilgan. Qolgan vatandoshlarimiz haqida hozircha ma’lumot mavjud emas.

 

Xotira va qadrlash kuni arafasida, joriy yilning 7 may kuni O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Nabijon Qosimov "Shtukenbrok" harbiylar qabristoniga dafn etilgan o‘zbeklarning xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida  bu yerga tashrif buyurdi.

"Shtalag  326" markazi ijrochi direktori O.Nikel bilan suhbat chog‘ida ushbu harbiylar qabristonida mangu orom topgan yurtdoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida yodgorlik toshi o‘rnatish masalasi ham muhokama etilgan.

Uchrashuv chog‘ida birgalikda tegishli hujjatlarni tayyorlashga va barcha tashkiliy masalalarni hal etib, kelgusi yil may oyida o‘zbek harbiylari dafn etilgan mazkur qabristonga xotira toshi qo‘yish masalasida kelishib olingan.

O.Nikel O‘zbekistonda har yili 9 mayni Xotira va qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotgani, urushda halok bo‘lganlarning xotirasini abadiylashtirish borasida juda muhim tadbir ekanini ta’kidlagan.

"Bizning markaz urush yillarida bu yerda barpo etilgan lagerdagi harbiy asirlarning shaxslarini aniqlash bo‘yicha ish olib boradi. Harbiy asirlarga oid ma’lumotlar jamlanmasini shakllantirish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda arxiv materiallari ustida doimiy ish olib boramiz. "Shtukenbrok" qabristoniga dafn etilgan juda ko‘plab harbiylarning tug‘ilib o‘sgan manzillarini aniqlab, qarindoshlarini xabardor qilamiz. Ular har yili bu yerga kelib, yaqinlarining xotirasini yod etishadi. Shuningdek, markazda tashkil etilgan muzeyda harbiy asirlarning buyumlari, ular haqida ma’lumotlar joylashtirilgan. Bu yerga maktab o‘quvchilari, yoshlar, mehmonlar tez-tez tashrif buyurishadi.  Yurtingizda 9 may Xotira va qadrlash kuni sifatida bayram qilinishi taxsinga loyiqdir. Bu yerda dafn etilgan o‘zbek askarlarining qarindoshlarini topishda bizdagi ma’lumotlar yordam beradi, deb uylayman. Qolaversa, elchixonangizni o‘z vatandoshlari xotirasiga yodgorlik toshi qo‘yish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, uni amalga oshirishda ko‘maklashishga tayyor ekanimni bildirmoqchiman", degan O.Nikel.

Uchrashuv so‘ngida "Shtalag  326" markazidagi mavjud arxivdan o‘zbek harbiy asirlari ro‘yxati, ularga oid saqlanib qolgan hujjatlardan nusxalar olindi. Aksariyat qismi sarg‘ayib ketgan ushbu hujjatlarda vatandoshlarimizning rasmlari, ularning shaxsiga oid ma’lumotlar ifoda etilgan.

Ayrimlaridan misollar keltiramiz:
- Safarov Nurali, 1912 yilda tug‘ilgan, bo‘yi 160, oddiy askar, kasbi – dehqon, otasi – Safar, onasi – Qunduz, manzili – O‘zbekiston SSR, Buxoro viloyati, s.Bekmarov. 1943 yil 5 martda vafot etgan;

- Ruzmetov Abduraxmon, 1918 yil 3 martda tugilgan, bo‘yi – 180, oddiy askar, kasbi – dehqon, otasi – Ruzmet, onasi -  Ziyoda, manzili – Tashkent viloyati, st.Tarkana. 1944 yil 9 iyulda vafot etgan.

Ushbu ro‘yxat va hujjatlar asosida urush yillarida bedarak ketib, "Shtukenbrok" harbiylar qabristoniga dafn etilgan vatandoshlarimizning qarindoshlari, yaqinlari topilsa ajab emas.


Maqola muallifi

Teglar

fashizm

Baholaganlar

78

Reyting

4.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing