“Hech kim ayalmaydi”. Japarov davlat pulini o‘marayotganlarga murojaat yo‘lladi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatdagi barcha amaldorlarga murojaat yo‘llab, ularni davlat pulini o‘marmaslikka chaqirdi. Bu haqda davlat rahbari o‘zining Facebook sahifasida yozib qoldirdi.

Japarovning yozishicha, xalq hokimiyat vakillaridan davlat g‘aznasini to‘g‘ri sarflashni talab qiladi. 

“Men sizlarga murojaat qilishni lozim topdim. Meni xalq “davlat g‘aznasi muqaddas, undan o‘g‘rilik qilma va boshqalarga ham o‘g‘irlashga yo‘l qo‘yma” degan talab bilan saylagan. Men ham sizlarni aynan shu mezon asosida davlat xizmatiga tayinlaganman. Ammo, afsuski, ayrim rahbarlar ilgari bo‘lgani kabi davlat g‘aznasidan ijtimoiy va boshqa qurilish ishlariga ajratilgan mablag‘larga o‘zining “eski odatini” qo‘llab, qo‘l urayotganini ko‘ryapmiz. Boshqa joylarni aytmay turaylik, faqat kechagi Tokmok shahridagi holatning o‘zi yetarli misol”, deya yozadi Japarov. 

U shuningdek, mamlakatning Tokmok va Qora-Bolta shaharlarida bo‘lgan voqealar qayta takrorlanmasligi kerakligi, davlat pulini to‘g‘ri va samarali ishlatish maqsadga muvofiqligini ham bildirgan. 

“Bu qanday telbalik?! Tokmok va Qora-Bolta shaharlariga bu yil bir milliard somdan mablag‘ ajratgan edik. Ushbu ikki milliard bilan Tokmok va Qora-Boltani gullatib yuborishingiz mumkin edi. Kelasi yilda yana bir milliard so‘mdan ajratib, bu ikki shaharning obodligiga hissa qo‘shmoqchi edik – bu bizning pok niyatimiz edi. Afsuski, mahalliy rahbarlar “pudratchilar” bilan til biriktirib, korrupsiyaga qo‘l urdi”, degan Japarov. 

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, joriy yilning sentyabr oyidan boshlab davlat g‘aznasi qanday sarflanayotgani kuzatib boriladi hamda undan noto‘g‘ri maqsadda foydalanganlar javobgarlikka tortiladi. 

“Hammangiz eslab qolinglar, sentyabr oyidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab g‘aznadan ajratilgan mablag‘lar evaziga amalga oshirilgan ishlar, qurilayotgan ob’ektlar, asfalt qilinayotgan yo‘llar bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida maxsus komissiya tuziladi. Sizlar qo‘lingizga qancha pul olgansiz, qanday ishlar bajarilgani, qancha mablag‘ga xarj qilingani va qancha o‘g‘irlangani bo‘yicha umumrespublika tekshiruvlari boshlanadi. Bu ishni men shaxsan o‘zim nazoratga olaman. Kimki o‘g‘irlik qilgan bo‘lsa, o‘g‘irlangan mablag‘ni o‘n barobar qilib qaytaradi va ustiga ustak qamoqqa olinadi. Buni unutmanglar. Bir million som o‘g‘irlab, uni o‘n barobar qilib qaytarish, ustiga qamoqqa tushish sizlardan qaysi biringizga kerak? Menimcha, hech kimga kerak emas”, deya yozadi Qirg‘iziston Prezidenti. 

U shuningdek, davlat xizmatchilariga davlat tomonidan to‘lanayotgan maosh yetmayotgan bo‘lsa, biznes bilan shug‘ullanishni taklif qilgan. 

“Kim bo‘lishingizdan qat’i nazar, hech biringizni ayamaymiz. Ilgarigi davrlaringizni unutinglar. Agar davlat to‘lab berayotgan maosh sizga yoqmasa – biznesga o‘ting. U yerda millionlab pul topishingiz mumkin. Bu barcha davlat xizmatchilariga taalluqli: biz hozir foyda olayotgan yer osti boyliklarimiz cheksiz emas, vaqtinchalik. Hammasi tugaydi. Bizning abadiy kelajagimiz – bu turizm va sanoatdir”, deya qo‘shimcha qilgan davlat rahbari. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Respublika diagnostika markazida uch nafar bolaning vafoti uchun Sog‘liqni saqlash vaziri Erkin Checheyboyevga tanbeh bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing