13 ta tuman hokimi intizomiy jazoga tortiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda sanoat rejasiga chiqa olmagan 13 ta tuman hokimi intizomiy jazoga tortiladi. Bu haqda bugun, 24 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda sanoat va eksport masalalari ham ko‘rib chiqilgan. Xususan, Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqo‘rg‘on, Furqat, Shovot, Shayxontohur, Sergeli tumanlari sanoat rejasiga chiqa olmagani tanqid qilingan. Ushbu 13 ta tuman hokimiga rejaga qancha yetmaganiga qarab, intizomiy jazo chorasini ko‘rish topshirilgan.

Ichki bozorda mis taklifi ko‘paytirilgan bo‘lsa-da, qayta ishlash oyiga 6 ming tonnadan oshmayotgani ko‘rsatib o‘tilgan. Oqibatda birinchi chorakda elektrotexnika sohasida sanoat o‘sishi prognozdagi 11,2 foiz o‘rniga 7,8 foizga, eksport rejasi bor-yo‘g‘i 57 foizga bajarilgan.

Elektrotexnika eksporti uchun 100 million dollar resurs berib, aylanma mablaqqa garovsiz kredit ajratish imkoniyati yaratildi. Lekin birorta bank ushbu shartlarda kredit ajratmaganiga e’tiroz bildirilgan.

Mutasaddilarga ishlab chiqarishi, eksporti kamaygan har bir korxonaga borib, eksportini moliyalashtirish, investitsiya loyihasi bo‘yicha qanday masalasi bo‘lsa, joyida hal qilish topshirilgan.

Umuman, ikkinchi chorak yakuni bilan sohada ishlab chiqarishni 25 trillion so‘mga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

videoselektor Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing