“2 kishi jarohatlandi”. Eron hujumi ortidan Ozarbayjon TIV bayonot berdi
Olam
−
05 mart 5864 2 daqiqa
Avvalroq, Ozarbayjonning Naxichevon Avtonom Respublikasidagi aeroport Eron raketa hujumlariga uchragani xabar qilingan edi. Mazkur hodisani Ozarboyjon tomoni keskin qoraladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Qayd etilishicha, bitta dron Naxichevon Avtonom Respublikasi aeroportining terminal binosiga zarba bergan, yana boshqa bir dron esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga tushgan. Hududdagi maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilari evakuatsiya qilingan.
“Aeroport binosiga qilingan hujum oqibatida bino shikastlangan va ikki nafar tinch aholi jarohatlanishiga sabab bo‘lgan ushbu dron hujumlarini keskin qoralaymiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, bayonotda mazkur hujum ikki mamlakat orasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir etishi ham bildirilgan.
“Ozarbayjon Respublikasi hududiga qarshi qilingan ushbu hujum xalqaro huquq norma va tamoyillarining buzilishi hisoblanadi. Qolaversa, mintaqadagi keskinlikni oshirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, vazirlik Erondan tez orada bu holatga aniqlik kiritishini talab qilgan.
“Biz Eron Islom Respublikasidan eng qisqa muddatda ushbu holat bo‘yicha aniqlik kiritishini, tegishli tekshiruv o‘tkazishini va kelajakda bunday hujumlar takrorlanmasligini ta’minlash uchun zarur shoshilinch choralar ko‘rishini talab qilamiz”, deyiladi bayonotda.
Keltirilishicha, Ozarbayjon tomoni tegishli javob choralarini ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Mazkur voqeadan so‘ng Eron Islom Respublikasining Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Mujtabo Demirchilu Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, u yerda Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan va tegishli norozilik notasi topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanganidan buyon ilk bor Turkiya osmonida Erondan uchirilgan deb taxmin qilingan ballistik raketa yo‘q qilingandi.
Live
Barchasi