2024 yilda kimlardan qarz olindi va nimalarga sarflandi?
Tahlil
−
05 iyun 9105 6 daqiqa
Bugunga kelib, O‘zbekistonning davlat qarzi qoldig‘i jami 42,4 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda. Buning bir qismi ichki, qolgani esa tashqi qarzdorlikdan iborat. Shunday qilib, mamlakat qarzlari yalpi ichki mahsulot (YAIM)ga nisbatan 33,5 foizga yetdi. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning fikricha, davlat qarzining so‘nggi yillarda ketma-ket ravishda o‘sib borishidan uyalish kerak emas. Ustiga-ustak, qonunda belgilangan chegaraga hali yetilmagan. Vazirning bunday tushuntirishlariga qaramasdan, aholi o‘rtasida nozik geosiyosiy pallada qarzdorlikning bunday katta raqamlarda o‘sib borishidan hadik mavjudligicha qolmoqda. Maqolada davlat tashqi qarzining qayerga sarf bo‘layotgani, o‘sib borish tendensiyasi va yana boshqa bir qancha jihatlari haqida so‘z boradi.
Davlat qarzi qanchalik o‘syapti?

Raqamlarga qaralsa, davlat qarzining har yili o‘sib borayotgani ko‘rinadi. Masalan, O‘zbekistonning so‘nggi 5 yildagi davlat qarzini quyidagicha tahlil qilish mumkin:
- 2020 yilda 23,3 milliard dollar;
- 2021 yilda 26,3 milliard dollar;
- 2022 yilda 29,2 milliard dollar;
- 2023 yilda 34,9 milliard dollar;
- 2024 yilda 40,2 milliard dollar.
Ta’kidlash kerakki, yuqorida keltirilgan raqamlar faqatgina hukumat gardanidagi qarzni anglatadi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, xususiy sektor jalb qilgan tashqi qarzlar ham inobatga olinsa, O‘zbekistonning umumiy qarzi o‘tgan yilda 2023 yildagiga nisbatan 10,8 milliardga oshib, 64,1 milliardga yetgan va YAIMga nisbatan 55,7 foizni tashkil etgan.
Yodingizda bo‘lsa, butun yil uchun tasdiqlangan davlat byudjeti dasturiga xarajatlarni oshirish to‘g‘risida o‘zgartirish kiritib, tashqi qarz bo‘yicha chegara 5 dan 7,3 milliard dollargacha oshirilgan edi. Mazkur o‘zgartirishlar jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, bir qancha davlatlarda oshib borayotgan byudjet xarajatlari tufayli qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tegishli tashkilotlar tomonidan parlamentga murojaat qilinadi. Ammo O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi bunday murojaatni kiritish uchun yil oxirini kutdi, natijada Qonunchilik palatasida 9 daqiqa davom etgan muhokamadan so‘ng, o‘zgartirishlar tasdiqlandi. Shunday qilib, 18 dekabrda Senat ma’qullagan qonun 24 dekabrda Prezident tomonidan ham tasdiqlandi.
O‘zbekiston kimlardan qarz olyapti?

O‘zbekiston 2024 yilda bir qancha xalqaro tashkilot va hukumatlardan qarz bo‘lgan. Bunda xalqaro moliya institutlari eng ko‘p qarz beruvchi bo‘lib, umumiy qarz miqdorining 19,14 milliard dollari yoki 57 foizini tashkil etgan. Boshqa asosiy qarz beruvchilar esa quyidagicha:
Osiyo taraqqiyot banki – 7,41 milliard dollar;
Jahon banki – 7,63 milliard dollar;
Islom taraqqiyot banki – 900 million dollar;
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki – 1,65 milliard dollar va boshqalar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston bir qancha xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlaridan ham qarz olgan. Ularning orasida Xitoy birinchi o‘rinda.
Xitoy taraqqiyot davlat banki, Xitoy Eksimbanki – 3,76 milliard dollar;
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi – 2,88 milliard dollar;
Fransiya taraqqiyot agentligi – 977 million dollar;
Koreya Eksimbanki va Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi – 740 million dollar;
Germaniya davlat banki – 415 million dollar;
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi – 139 million dollar;
Ispaniya davlat banki – 66 million dollar va boshqalar.
Qarzlar nimalarga sarflanyapti?
O‘zbekiston davlat tashqi qarzining asosiy qism (45 foiz)ini byudjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirmoqda. Undan keyingi o‘rinda qarzlarning 17 foiz ko‘rsatkichi bilan yoqilg‘i-energetika sanoati turadi. Boshqa sohalar esa quyidagicha taqsimlanadi:
- Transport va transport infratuzilmasi – 8 foiz;
- Qishloq va suv xo‘jaligi – 9 foiz;
- Uy-joy kommunal xo‘jaligi – 8 foiz;
- Tadbirkorlik faoliyati va sanoat ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash – 2 foiz;
- Kimyo sanoati – 2 foiz;
- Sog‘liqni saqlash, talim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari hamda boshqa sohalar – 7 foiz.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil 1 aprel holatida mamlakat davlat qarzi qoldig‘i 42,4 milliard dollari bo‘lib, uning 35,6 milliard dollari tashqi, 6,9 milliard dollari esa ichki qarzdan iborat. Jamoatchilik davlat qarzining yilma-yil oshib borishidan xavotir bildirayotgan bir paytda Qo‘chqorov holatni xalqaro normalarga mos va mo‘’tadil deb baholadi. Unga ko‘ra, “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunda davlat qarzining eng yuqori chegarasi YAIMga nisbatan 60 foizdan oshishiga yo‘l qo‘ymaslik belgilangan. Hozirgi qarz esa jami 33,5 foizini tashkil qilyapti.

“Shaharlar bormi, qishloqlar bormi, mahallalarmi – hammasi obod bo‘lib kelyapti va bunda xarajatlarning ma’lum bir qismi tashqi qarz hisobidan amalga oshiriladi. Agar shunday so‘z joiz bo‘lsa, buning hech qanday uyatli joyi yo‘q. Qarz oshdi deb gapiradigan odam shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining YAIM ham bugungi kunda 115 mlrd dollarga yetganini ham aytib o‘tishi kerak”, degan Qo‘chqorov.
O‘tgan yilda davlat nimalarga xarajat qildi?
2024 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 381,4 trillion so‘mni, xarajatlari esa 429,3 trillion so‘mni tashkil etib, konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 47,8 so‘mga yetgan.
Vazir Qo‘chqorovga ko‘ra, davlat byudjeti xarajatlarining 50 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan bo‘lib, ta’lim, sog‘liqni saqlash va fan sohalariga ijtimoiy xarajatlarning 72 foizi yoki 109 trillion so‘mi sarf qilingan. Uning aytishicha, umumta’lim sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sohaga ajratilgan mablag‘lar miqdori o‘tgan 3 yilda qariyb 12 trillion so‘mga ko‘payib, 45 trillion so‘mga yetgan. Xorijiy va milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni rag‘batlantirishga 979 milliard so‘m; xorijiy tillarni ommalashtirish maqsadida jalb qilingan 500 nafar chet ellik o‘qituvchilarga 11 milliard so‘m to‘lab berilgan.
Sog‘liqni saqlash sohasi uchun ajratilgan mablag‘ 36 trillion so‘mni, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘ esa 15 trillion so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, 65 mingdan ortiq fuqarolarning olgan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish uchun 902 milliard so‘m ajratilgan.
O‘tgan yilda qishloq va suv xo‘jaligi sohasiga byudjetdan 11 trillion so‘m ajratilgan bo‘lsa, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun amalga oshirilgan xarajatlar miqdori 6,2 trillion so‘mni tashkil etgan.
2024 yil mobaynida markazlashgan investitsiya loyihalari va hududlar infratuzilmalarini rivojlantirish xarajatlariga 28,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, byudjetdan ajratilgan 1,5 trillion so‘m mablag‘lar hisobiga 1,7 ming kilometrdan ortiq ichimlik va oqava suv tarmoqlari yotqizilgan. Yo‘l-transport infratuzilmasi uchun esa 3,5 trillion so‘m ajratilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar hisobiga 583 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlari qurilgan.
Jamshid Qo‘chqorov davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotida aytishicha, tashabbusli byudjet uchun ajratilgan mablag‘lar 6 trillion so‘mdan oshgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilda mahalliy byudjetlar daromadlari prognozga nisbatan 105 foizga bajarilib, 57 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ularning xarajatlari 86,8 trillion so‘mni tashkil etgan. Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 58,4 trillion so‘mni, xarajatlari esa 91,5 trillion so‘mni tashkil etgan va jamg‘armalarga davlat byudjetidan qariyb 35 trillion so‘m ajratilgan.
Qo‘chqorovga ko‘ra, Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda davlat moliyasini boshqarish samaradorligini davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik mezonlari asosida baholash amalga oshirilganida jami 31 ta ko‘rsatkichdan deyarli teng yarmi – 16 tasida ijobiy natijalar qayd etilgan.
Birinchi chorakdanoq taqchillik: 2025 yilning dastlabki byudjet hisoboti
Har doimgidek, bu gal ham xarajat daromaddan baland bo‘lib turibdi. Masalan, joriy yilning birinchi chorakda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 97,2 trillion so‘mni, xarajatlari esa 113, 8 trillion so‘mni tashkil etdi. Byudjet taqchilligi 16,5 trillion so‘mni yoki yillik kutilayotgan YAIMga nisbatan 1 foizni tashkil etdi. Yil boshidan buyon ijtimoiy xarajatlarning 46 foizi ta’lim sohasiga ajratilgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash sohasiga 9,3 trillion so‘m sarflangan.
Shuningdek, iqtisodiy yo‘nalishda amalga oshirilgan xarajatlar miqdori 10,4 trillion so‘mni, shundan qishloq va suv xo‘jaligiga 2 trillion so‘m, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish masalalariga esa 913 milliard so‘m ajratilgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri ta’kidlashicha, birinchi chorakda mahalliy byudjetlar daromadlari prognozga nisbatan 110 foizga bajarilib, 15,7 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, xarajatlari 7 trillion so‘mga ko‘proq.
Oldinda yana uchta chorak kutmoqda va yil yakuniga qadar byudjet taqchilligi va qarzlar miqdori oshib borishi kuzatilishi mumkin.
Live
Barchasi