AQSH Kiyevga NATO a’zosi kabi xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor – “Axios”

Olam

image

AQSH ma’muriyati Ukrainaga Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasi asosida xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor. Bu haqda bugun, 13 dekabr kuni AQSHning yuqori lavozimli rasmiysiga tayanib, “Axios” nashri xabar berdi. 

“Biz ukrainaliklarga, bir tomondan, cheklanmagan vakolat bermaydigan, ikkinchi tomondan esa yetarlicha ishonchli bo‘lgan xavfsizlik kafolatlarini berishni istaymiz. Biz bu masalani ovoz berish uchun Kongressga kiritishga tayyormiz”, deydi rasmiy.

Uning aytishicha, ushbu kafolatlar Kongress tomonidan ma’qullanishi va majburiy yuridik kuchga ega bo‘lishi kerak. Rasmiy, shuningdek, uchta alohida kelishuv tuzish rejalashtirilayotganini aniqlashtirdi: 

  • tinchlik to‘g‘risida, 
  • xavfsizlik kafolatlari haqida hamda 
  • Ukrainani tiklash bo‘yicha.

“Axios” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning yangi rejasi Ukraina tomonidan hududining 20 foizidan voz kechishni nazarda tutadi. 

“Joriy taklifga binoan, urush Ukraina o‘z hududining 80 foizi ustidan suverenitetni saqlab qolishi, o‘z tarixidagi eng katta va eng ishonchli xavfsizlik kafolatlarini olishi hamda farovonlikni ta’minlash bo‘yicha juda katta chora-tadbirlar paketini qo‘lga kiritishi bilan yakunlanadi”, deydi AQSH ma’muriyati vakili.

“Axios” qayd etishicha, bir qator Yevropa davlatlari rahbarlari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga, agar kelishuv Kiyevni Rossiya qo‘shinlari tomonidan hali egallanmagan hududlarni ham berishga majbur etsa, uni imzolashga shoshilmaslikni maslahat bergan. Shuningdek, Rossiya Vashington takliflarini qo‘llab-quvvatlaydimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum.

“The Wall Street Journal” gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, buni Oq uy ham tasdiqlagan, 13 yoki 14 dekabr kunlari AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff hamda Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner Berlinda Yevropa yetakchilari va Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi.

Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasida mustahkamlangan jamoaviy mudofaa tamoyili AQSH va Yevropa ittifoqchilarini blok a’zolaridan biriga qilingan hujumni butun “transatlantik hamjamiyat”ga qilingan hujum sifatida baholashga majbur qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Rossiya Evropa Ittifoqi Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing