AQSH mingdan ortiq afg‘onistonlikni Kongoga deportatsiya qilmoqchi
Olam
−
23 aprel 4197 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp 2001–2021 yillardagi Afg‘onistondagi urush vaqtida AQSHga yordam bergan 1000 dan ortiq afg‘onistonlikni Kongo Demokratik Respublikasiga (KDR) deportatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda AfghanEvac gumanitar tashkiloti xodimlariga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHdagi afg‘onlarni qayta joylashtirish dasturlari to‘xtatilgach, u yerda yashayotgan afg‘onlarga tanlov qo‘yilmoqda: yoki dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan biri kuzatilayotgan Kongoga ko‘chish, yoki “Tolibon” nazoratidagi vatanga qaytish. Ayni paytda ushbu Afrika davlatiga allaqachon 600 mingdan ortiq qochqin kelib joylashgan.
Taklif etilgan dastur doirasida AQSH Kongoga taxminan 1100 nafar afg‘on maxsus kuchlari qo‘mondonlari, tarjimonlar va ularning oila a’zolarini ko‘chirishni ko‘rib chiqmoqda. Ular 20 yillik harbiy operatsiya davomida AQSHga yordam bergan. Ular orasida 400 dan ortiq bola ham bor.
“Bizningcha, ular bu odamlarni aslida Afg‘onistonga qaytarishni istayapti, bu esa ular uchun deyarli aniq o‘lim degani. Ular afg‘onlar Kongoni tanlamasligini bilishadi”, degan AfghanEvac rahbari Shon Vandiver.
Nashr xabariga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasi hozirgi sharoitda (qo‘shni Ruanda bilan qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan va qochqinlar lagerlariga hujumlar tufayli yana ko‘plab odamlar ko‘chishga majbur bo‘layotgan vaziyatda) yangi qochqinlarni qabul qilishga tayyor emas.
O‘tgan yilning dekabr oyida Kongo va AQSH hukumatlari strategik hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolagan bo‘lib, u xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni ham o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Afg‘oniston fuqarolarining mamlakatga kirish uchun barcha arizalarini darhol cheklangan muddatga to‘xtatganini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi