AQSH Suriyadagi ISHID mahbuslarini Iroqqa ko‘chirishni boshladi

Olam

image

AQSH harbiylari Suriyadan Iroqqa 150 nafar “Islomiy davlat” (ISHID) a’zosini ko‘chirdi. Amerika yana 7 ming nafargacha mahbusni Suriyadan olib chiqishni rejalashtirilmoqda. Bu haqda kecha, 21 yanvar kuni o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Keltirilishicha, joriy yilning 19 yanvar kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi admirali Bred Kuper Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan muloqot qilgan. Uchrashuvda mahbuslarni ko‘chirish masalasi muhokama qilingan hamda Suriya kuchlari va boshqa tomonlarning jarayonga aralashmasligiga kelishib olingan. 

Qayd etilishicha, mahbuslarni ko‘chirish Suriyaning shimoli-sharqida kurdlar boshchiligidagi Suriya Demokratik kuchlari (SDK) pozitsiyalarining zaiflashuvi fonida amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon SDK nazoratida bo‘lgan o‘nga yaqin qamoqxonalar xavfsizligi borasida jiddiy xavotirlarni uyg‘otgan. AQSH harbiylarining bayonotiga ko‘ra, Suriyaning Xasaka shahridagi hibsxonada saqlangan 150 nafar ISHID jangarisi Iroq hududidagi xavfsiz joyga muvaffaqiyatli ko‘chirilgan. Shuningdek, kelgusida 7 ming nafargacha ISHID mahbuslari Iroq nazoratidagi muassasalarga o‘tkazilishi mumkin.

“Biz mintaqaviy hamkorlarimiz, jumladan, Iroq hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz va ularning ISHIDni butunlay tor-mor etishdagi rolini yuksak baholaymiz”, deydi Kuper.

So‘nggi kunlarda hukumat kuchlarining tezkor harakatlari va AQSHning SDKni qo‘llab-quvvatlashdan chekinishi Suriyada Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan buyon eng yirik nazorat o‘zgarishlaridan biri sifatida baholanmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Shaddadi qamoqxonasidan qariyb 200 nafar quyi darajadagi ISHID jangarilari qochib ketgan, biroq ularning aksariyati hukumat kuchlari tomonidan yana qo‘lga olingan. Hozirda Suriya qamoqxonalarida 10 mingdan ortiq ISHID a’zolari, shuningdek, guruh bilan aloqador minglab ayollar va bolalar saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning muvaqqat hukumati qo‘shinlari Suriya Demokratik kuchlari (SDK) nazoratida bo‘lgan, mamlakat shimoli-sharqidagi bir qator hududlar va muhim ob’ektlarni egallagani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya IShID Iroq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing