AQSHda Charlz III tashrifiga adashib Avstraliya bayroqlari osib qo‘yildi
Olam
−
25 aprel 3625 2 daqiqa
Kecha, 24 aprel kuni Kolumbiya okrugi (Vashington) rasmiylari qirol Charlz III ning AQSHga tashrifi oldidan Oq uy yaqinida Britaniya bayroqlari o‘rniga yanglishib bir nechta Avstraliya bayroqlarini osib qo‘ydi. Bu haqda okrug Transport departamenti vakiliga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Britaniya monarxini kutib olish uchun osilgan 230 dan ortiq bayroqlar orasida 15 ta Avstraliya bayrog‘i ham qisqa vaqt davomida paydo bo‘lib qolgan. Nashr manbasining qayd etishicha, ularni tezkorlik bilan Britaniya bayroqlariga almashtirishga ulgurishgan.
Qirol Charlz III ning Vashingtonga tashrifi joriy yilning 27 aprel kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashrif AQSH Mustaqillik deklaratsiyasining (Britaniya hukmronligidan ajralishning) 250 yilligiga to‘g‘ri keladi va Charlz III boshqaruvi davridagi eng shov-shuvli xorijiy safar deb hisoblanmoqda.

“Reuters” xabariga ko‘ra, tashrif Eron bilan urush tufayli so‘nggi 70 yildagi eng past nuqtaga tushib qolgan ikki ittifoqchi o‘rtasidagi “alohida munosabatlarni” tiklashga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yil oxirida “The Times” nashri London savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bir sharoitda, AQSH Prezidenti Donald Trampni “rom qilish kampaniyasi” doirasida Charlz III va shahzoda Uilyamning 2026 yildagi tashriflarini tayyorlayotgani haqida yozgan. Charlz III ning tashrifi 2007 yildan beri amaldagi monarxning AQSHga birinchi safari bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Charlz III rafiqasi Kamilla bilan Oq uyga tashrif buyurishi haqida xabar berilgan edi. Bundan tashqari, qirol ortga qaytayotganda Britaniyaning Shimoliy Atlantikadagi Bermud orollariga ham kirib o‘tadi.
Live
Barchasi