AQSHda immigratsiya xodimi ayolni o‘ldirishi ortidan norozilik aksiyasi boshlandi (video)
Olam
−
08 yanvar 4142 3 daqiqa
Avvalroq, AQSHning Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) xodimi Minnesota shtatining Minneapolis shahrida 37 yoshli ayolni otib o‘ldirgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu voqeadan so‘ng AQSHning bir qator shaharlarida norozilik aksiyalari boshlandi. Bu haqda “Minnesota Public Radio” xabar berdi.
Voqea kecha, 7 yanvar kuni sodir bo‘lgandi. Hodisaning aniq tafsilotlari hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda va federal hamda mahalliy hokimiyatlar o‘rtasida keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda. Tramp ma’muriyati vakillarining bildirishicha, 37 yoshli ayol Rene Gud “tartibsizliklarda faol ishtirok etgan, tajovuzkor shaxs” bo‘lgan. U go‘yoki avtomobil bilan ICE xodimlarini bosib ketishga uringan. Shu sababli agentlardan biri mashinaga qarata “o‘zini himoyalash maqsadida” o‘q uzgan. Biroq shahar va mintaqaviy hokimiyatlar, shuningdek Demokratik partiya vakillari bu versiyani inkor etmoqda.
Minneapolis meri Jeykob Frey xodim “beparvolik bilan kuch ishlatgani va buning oqibatida inson halok bo‘lgani”ni aytdi. U ICE xodimlari “shahardan chiqib ketishi kerak”ligini aytdi.
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, otishma Tramp ma’muriyati tomonidan Minneapolisda qabul qilingan migratsiya qonunchiligini keskinlashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli choralar fonida sodir bo‘lgan. AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ayolning harakatlarini “ichki terrorizm” deb baholagan va shaharda ICE reydlari davom ettirilishini bildirgan.
Biroq Minneapolis shahar kengashi halok bo‘lgan ayol “qo‘shnilariga g‘amxo‘rlik qilayotgan paytda o‘ldirilgan”ini ma’lum qilgan. Minnesota shtati gubernatori Tim Uolz ham federal hokimiyat bayonotlarini rad etgan.
“Iltimos, bu targ‘ibot mashinasiga ishonmang”, deb yozdi Uolz Ichki xavfsizlik vazirligining otishma haqidagi bayonotiga javoban.
Hodisa ortidan Minneapolisda norozilik namoyishlari boshlandi. Aksiyalarda ishtirokchilar hodisani qoralab, ICE’ni shaharni tark etishga chaqirmoqda. Noroziliklar Minneapolisdan tashqarida ham o‘tkazilmoqda. Xususan, Yangi Orlean, Mayami, Sietl va Nyu-York shaharlarida ham mitinglar bo‘lishi kutilmoqda.
“Fox News” xabariga ko‘ra, Minnesota gubernatori Tim Uolz shtat Milliy gvardiyasini jangovar shay holatga keltirganini bildirgan. Uning aytishicha, Milliy gvardiyaga ogohlantiruvchi buyruq berilgan, bu keskinlik kuchaygan taqdirda qo‘shinlarni jalb etishga tayyorgarlik ko‘rishning dastlabki bosqichi hisoblanadi.
“Biz hech qachon federal hokimiyat bilan urush qilmaganmiz. Ammo Milliy gvardiyani tayyorlayapmiz. Zarurat tug‘ilsa, u joylashtirilishga tayyor”, deydi Uolz.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, Minneapolis politsiya departamenti xodimlar uchun dam olish kunlarini bekor qilgan va ehtimoliy tartibsizliklarning oldini olish uchun qo‘shimcha yordam so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, hodisa yuzasidan AQSH Prezidenti Donald Tramp ham munosabat bildirgandi. U ayolni “professional agitator” deb atab, uning “juda tartibsiz harakat qilgani va qarshilik ko‘rsatgani”, so‘ng esa “ICE xodimini ataylab urib yuborgani”ni aytdi. Trampning bildirishicha, xodim unga qarata o‘qni o‘zini himoya qilish maqsadida uzgan.