AQSHda pasport muqovasiga Donald Tramp portreti tushiriladi (video)
Olam
−
29 aprel 2864 2 daqiqa
AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan mamlakatda amaldagi prezident Donald Tramp tasviri tushirilgan pasportlar seriyasi chiqariladi. Bu haqda “Time” xabar berdi.
E’lon qilingan yangi dizaynga ko‘ra, pasport muqovasining ichki old tomonida Trampning portreti va uning oltin rangda yozilgan imzosi bo‘ladi. Orqa tomonida esa, amerikalik rassom Jon Trambullning mashhur “Mustaqillik deklaratsiyasi” kartinasidan bir qismi tasvirlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday pasportlar odatda Vashingtondagi pasport agentligi tomonidan beriladi. Ammo pasportni onlayn yoki boshqa hududlardan rasmiylashtirgan fuqarolar odatiy dizayndagi hujjatni oladi.
Yangi ko‘rinishdagi bunday pasportlar qancha miqdorda chiqarilishi hozircha aniq emas.
Hozirgi (standart) pasport dizaynida esa, muqovaning ichki tomonida boshqa rassom — Edvard Persi Moran asari joylashtirilgan. Unda AQSH madhiyasi matnining muallifi Frensis Skott Key tasvirlangan bo‘lib, u Fort MakGenri qal’asi bombardimon qilinganidan keyingi holatda aks etgan. Aynan shu voqea Keyni mashhur madhiyani yozishga ilhomlantirgan.
Bundan tashqari, joriy yilning 26 mart kuni yana bir yangilik e’lon qilingan edi: mustaqillikning 250 yilligi munosabati bilan chiqariladigan 100 dollarlik kupyuralarda ham amaldagi Prezidentning imzosi joy oladi. Bu so‘nggi 165 yil ichida birinchi marta prezident imzosi g‘aznachi imzosining o‘rnini egallashi bo‘ladi.
Yana bir muhim jihati, AQSH Tasviriy san’atlar komissiyasi ushbu yubiley munosabati bilan 24 karatli oltin tanga chiqarishni ham ma’qullagan. Unda Prezident stol ortida mushtlarini qisgan holda tasvirlanadi va “Liberty” (“Erkinlik”) yozuvi tushiriladi.
Qayd etilishicha, 2025 yil oktyabr oyida Tramp ma’muriyati ushbu komissiya a’zolarini almashtirib, ularning o‘rniga Oq uy siyosatiga yaqin bo‘lgan shaxslarni tayinlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Moliya vazirligi mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan dollar banknotalariga Prezident Donald Trampning imzosini joylashtirishga qaror qilgandi.
Live
Barchasi