AQSHga kiritilmagan hakam FIFA’dan to‘liq tovon puli oladi
Sport
−
15 iyun 1891 2 daqiqa
Somalilik hakam Umar Artan AQSHdagi immigratsiya muammolari sababli 2026 yilgi Jahon chempionatida ishlay olmagan bo‘lsa-da, FIFA unga to‘liq kompensatsiya to‘lab beradi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
34 yoshli hakam bilan bog‘liq voqea turnir davomida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi. Artan musobaqada faoliyat yuritish uchun Mayami xalqaro aeroportiga yetib kelgan, ammo AQSH rasmiylari tomonidan 11 soat davomida so‘roq qilinganidan keyin mamlakatga kirishiga ruxsat berilmagan.
Ma’lum qilinishicha, AQSH rasmiylari uni terrorchilik guruhlari bilan aloqador shaxslar bilan bog‘liqlikda gumon qilgan. Artan esa, bu ayblovlarni qat’iy ravishda rad etgan.
“Menda barcha zarur hujjatlar bor edi. Vizam ham to‘g‘ri rasmiylashtirilgan. Men faqat hayotimdagi eng katta orzuim – Jahon chempionati o‘yinlarini boshqarish imkoniyatini ro‘yobga chiqarish uchun kelgandim”, deydi hakam.
So‘roq jarayonida undan “Ash-Shabab” guruhi haqida ham bir necha bor so‘ralgan. Artan esa, ushbu tashkilot haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
Keyinchalik u Turkiyaga uchuvchi reysga chiqarilgan. FIFA vakillari uni Istanbulda kutib olib, Mogadishoga qaytishida amaliy yordam ko‘rsatgan.
Garchand Artan birorta ham o‘yinda ishlamagan bo‘lsa-da, FIFA unga belgilangan haqni to‘liq to‘lab beradi. Biroq kompensatsiyaning aniq miqdori turnir yakuniga qadar oshkor etilmaydi.
Ma’lumot uchun, Umar Artan so‘nggi yillarda xalqaro maydonda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. U 2025 yilda Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) tomonidan erkaklar o‘rtasida “Yilning eng yaxshi hakami” deb topildi. Shuningdek, u Afrika Chempionlar ligasi finalidagi “Piramids” va “Mamelodi Sandaunz” jamoalari o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsni boshqargan ilk somalilik hakam sifatida tarixga kirgan.
Bundan tashqari, FIFA unga Chilida bo‘lib o‘tgan U-20 Jahon chempionati uchrashuvlarini, jumladan, uchinchi o‘rin uchun bahsni ishonib topshirgan. Artan ketma-ket ikki marta Afrika Millatlar Kubogi o‘yinlarida ham faoliyat yuritgan.
Live
Barchasi