Alyaska qirg‘oqlaridagi muzlar prognoz qilinganidan tezroq erimoqda
Bu qiziq
−
28 mart 5590 2 daqiqa
Alyaskaning shimoliy qirg‘oqlari bo‘ylab muz mavsumi 27 yil ichida sezilarli darajada qisqargan. Bu haqda Ferbenksdagi Alyaska universitetining “Journal of Geophysical Research: Oceans” nashrida e’lon qilingan tadqiqotida so‘z boradi. https://www.gi.alaska.edu/news/new-analysis-shows-continued-loss-arctic-landfast-sea-ice
Qayd etilishicha, Chukotka dengizida bu davr 57 kunga, Bofort dengizida esa 39 kunga kamaygan. Muz kuzda kechroq hosil bo‘lmoqda, qator hududlarda esa bahorda vaqtidan oldin parchalanmoqda.
Yopishgan muz (pripay) – qirg‘oqqa yopishgan va shamol yoki oqim ta’sirida suzib ketmaydigan muz bo‘lib, u Alyaskaning mahalliy jamoalari uchun alohida ahamiyatga ega: u ov qilish va baliq tutish joylariga boradigan yo‘l vazifasini o‘taydi, neft-gaz sohasining mavsumiy muz yo‘llarini tutib turadi hamda qirg‘oq chizig‘ini to‘lqinlar eroziyasidan himoya qiladi. Muz mavsumining qisqarishi qirg‘oqlarni zaiflashtiradi va ovchilik uchun prognoz qilib bo‘lmaydigan sharoitlarni yuzaga keltiradi.
Ayniqsa, 2000-yillarning boshigacha nisbatan barqaror bo‘lgan Bofort dengizidagi vaziyat xavotir uyg‘otmoqda. Hozirda u yerdagi muzlar avvalgidek qirg‘oqdan uzoqqa yoyilmayapti. Tadqiqotchilar buni Arktika dengiz muzlarining umumiy yuqalashishi bilan bog‘lamoqda: yuqa muzlar dengiz tubida yopishgan muz uchun “langar” vazifasini o‘tovchi muz tizmalarini kamroq hosil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antarktida yarim orolining muz qoplami 2100 yilga borib 20 foizga qisqarishi kutilayotgani, bu esa global dengiz sathining sezilarli darajada ko‘tarilishiga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi