Andijonda mahbuslar majburan ishlatilgan hibsxona rahbari ishdan olindi
3-sahifa
−
06 avgust 6608 1 daqiqa
Andijon viloyatining Izboskan tumanida mahbuslari majburiy mehnatga jalb qilingan Vaqtincha saqlash hibsxonasi rahbari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning mart oyida Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Izboskan tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasidagi sharoitlarni o‘rganib, qator kamchiliklarni aniqlagan. Jumladan, hibsxonada sanitariya-gigiyena va moddiy-texnik ta’minotga oid jiddiy kamchiliklar aniqlangan. Shuningdek, kanalizatsiya tizimi bilan bog‘liq muammolar borligi va ayrim mahbuslarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari qayd etilgan.
Ombudsman Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasidan kamchiliklarni bartaraf etishni va shu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun tegishli choralar ko‘rilishini so‘ragan.
Ma’lum qilinishicha, monitoring yakunlariga ko‘ra 6 nafar xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan va ularga intizomiy choralar qo‘llanilgan. Jumladan, 1 nafar xodim Intizomiy kengash muhokamasiga qo‘yilgan, 2 nafar xodimga tanbeh, 2 nafariga esa hayfsan intizomiy jazolari berilgan. Vaqtincha saqlash hibsxonasi rahbari esa Ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.
Bildirilishicha, hozirda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar boshlangan bo‘lib, ularning to‘liq hal etilishi bo‘yicha Ombudsman doimiy nazorat olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Toshkent viloyatidagi 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasidan va IIV Jazoni ijro etish departamentining Olmaliqdagi 14-sonli koloniyasidan mahkumlarning jasadi chiqqan edi.
Live
Barchasi