Andijonda mansabdorlar pora bilan ushlandi

3-sahifa

image

Andijon viloyatida mansab vakolatini suiiste’mol qilib, fuqarolardan pul talab qilgan ikki nafar mansabdor shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Jumladan, Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi shu’ba boshlig‘i Andijon shahridagi savdo do‘konida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilishi oqibatida davlatga yetkazilgan qariyb 680 mln so‘mlik zararni mansabdor tanishlari orqali qayta hisoblatib, kamaytirish hamda ma’muriy chora ko‘rilishida yordam berish evaziga tadbirkordan 30 mln so‘m talab qilgan.

U DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Asaka tumani filiali Mahallabay ishlash bo‘limi bosh menejeri fuqaroga 3 mlrd 650 mln so‘m miqdoridagi kreditni rasmiylashtirib berishda yordam berish evaziga 8 ming AQSH dollari talab qilgan. U joriy yilning aprel–may oylarida fuqarodan jami 7 800 AQSH dollari olgan.

Biroq bosh menejer va’dasini bajara olmagan va ushbu mablag‘dan 1 ming AQSH dollarini qaytarib berayotgan vaqtida DXX hamda IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat zaxirasidagi 2 sotix yerni mansabdor tanishlari orqali olib berish uchun 50 ming dollar talab qilgan Guliston hokimligining mas’ul xodimi ushlangani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

pora Andijon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing