Aroqchi Erondan Turkiyaga raketa otilganini rad etdi

Olam

image

Avvalroq, Eron hududidan uchirilgan ballistik raketa Turkiya havo hududiga kirib borgani xabar qilingan edi. Biroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Eron tomonidan Turkiya tomoniga ballistik raketa uchirilgani haqidagi da’volar asossiz ekanini bildirdi. Bu haqda u  turkiyalik mavqedoshi Hoqon Fidan bilan telefon orqali muloqotda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Aroqchi Eron qo‘shni mamlakatlarga nisbatan yaxshi qo‘shnichilik prinsiplari bilan harakat qilishini, Turkiyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishini va mumkin bo‘lgan hodisalarni tekshirish bo‘yicha birgalikda texnik hamkorlikka tayyorligini ta’kidlagan.

Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashganidan buyon to‘rtinchi holat sifatida qayd etilgan bu hodisa Sharqiy O‘rta yer dengizida joylashtirilgan NATOning havo hujumidan hamda raketaga qarshi mudofaa kuchlari tomonidan zararsizlantirilgan.

Turkiyada Eron raketasi

Joriy yilning 4 mart kuni Turkiya osmonida Erondan uchirilgan ballistik raketa yo‘q qilingandi. Shundan so‘ng Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qo‘shnilaridan uzr so‘radi va hujumlarni to‘xtatishga va’da berdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan esa Turkiya oson provokatsiya beriladigan mamlakat emasligini aytib, Eronni keskin ogohlantirdi.  

Shunga qaramay, 9 mart kuni Eron tomonidan otilgan yana bir ballistik raketa Turkiya havo hududida urib tushirildi. Shu kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eronni xato qilishdan tiyilishga va qaysarlik qilmaslikka chaqirdi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan mazkur hodisa yuzasidan telefon orqali muloqot qildi. Unda Aroqchi Eronning raketaga aloqasi yo‘qligini aytdi. Ushbu hujumlardan so‘ng Malatyaga Turkiyada havo hududini himoya qilish maqsadida Patriot havo mudofaa tizimi joylashtirilishi aytildi. 

Mazkur hodisalardan so‘ng Turkiya Eron inkor qilgan raketalarning uchirilish nuqtasini aniqladi. Unga ko‘ra, joriy yilning 4 va 9 mart kunlari yo‘naltirilgan raketalar uchish masofasi taxminan 1200 kilometrga ega va har ikkala raketaning uchishi Tehron sharqidagi hududdan amalga oshirilgan.

13 mart kuni Turkiyaning Adana shahridagi Injirlik harbiy-havo bazasi tomon yo‘naltirilgan va Eronga tegishli ekani da’vo qilingan uchinchi raketa mudofaa tizimlari tomonidan havoda yo‘q qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Eron Aroqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing