Aroqchi Xomanaiy o‘limi ortidan BMTga xat yo‘lladi
Olam
−
09:30 6739 4 daqiqa
Eron Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lishi ortidan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga maktub yo‘lladi.
Uning maktubida yozilishicha, AQSH va Isroilning bu harakatlari katta oqibatlarga olib keldi, dunyoning muvozanati buzildi va xalqaro huquqlar chetlab o‘tildi.
“Shu orqali sizning e’tiboringizni Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroil rejimining buyuk Eron xalqiga qarshi sodir etgan navbatdagi dahshatli va jinoiy harakatiga qaratmoqchiman. Bunday xatti-harakatga qat’iy javob bo‘lmasligi nafaqat aybdorlarni yanada jur’atlantiradi, balki kelgusi o‘n yilliklar davomida xalqaro huquqiy tartib asoslariga tuzatib bo‘lmas va doimiy zarar yetkazadi”, deyiladi xabarda.
Aroqching qo‘shimcha qilishicha, AQSH va Isroil rejimi BMT nizomlariga tupurgan holda Xomanaiyni nishonga olgan va uni yo‘q qilgan.
“Eron Islom Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi oldindan hech qanday provokatsiyasiz va asossiz amalga oshirilgan yangi tajovuzkor harakatlar doirasida AQSH va Isroil rejimi BMTning mustaqil a’zosi bo‘lgan davlatning eng oliy rasmiy shaxsini – Eron Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyni 2026 yil 28 fevral kuni ataylab nishonga oldi. Mazkur qo‘rqoq terrorchilik harakati BMT nizomining 2-moddasi 4-bandini qo‘pol ravishda buzgan holda amalga oshirildi va u xalqaro huquqning eng asosiy tamoyillariga – kuch ishlatishni taqiqlash, davlatlarning suveren tengligi, davlat rahbarlarining daxlsizligi va immuniteti kabi prinsiplariga bevosita tajovuz hisoblanadi”, deyilgan maktubda.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
Barchasi