AZAL tergoviga oid natijalar qachon e’lon qilinishi aytildi
Olam
−
07 avgust 3205 2 daqiqa
Qozog‘iston hukumati AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyotning Aqtau yaqinida qulashiga oid tergov natijalari bir necha oydan keyin e’lon qilinishini ma’lum qildi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Kanat Bo‘zumbayev bugun, 7 avgust kuni o‘tkazilgan brifingda so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, halokatga uchragan samolyotning ba’zi detallari hozirda chet elda ekspertiza qilinmoqda. Tergov jarayonida bir nechta xorijiy mamlakatlardan jalb qilingan xalqaro mutaxassislar ham ishtirok etmoqda.
Bo‘zumbayevning aytishicha, xalqaro ekspertlar samolyot halokati yuzasidan olib borilayotgan tahlil ishlarining so‘nggi bosqichida qatnashyapti. Ayrim uskunalar hamon chet elda tekshirilmoqda va yaqin orada Qozog‘istonga yetkaziladi. Shu bilan birga, tahliliy bosqich yakunlanmoqda va so‘ngi hisobot tayyorlash ishlari boshlanmoqda. Bo‘zumbayev jamoatchilikni sabrli bo‘lishga chaqirib, yakuniy hisobot bir necha oy ichida taqdim etilishini bildirgan.
U, shuningdek, joriy yilning may oyida maxsus komissiya Grozniy va Rostov-na-Donu shaharlariga safar qilib, aerodromning aeronavigatsiya tizimlari bilan tanishganini ma’lum qilgan. Samolyot korpusida aniqlangan shikastlanish sabablari esa portlovchi moddalar bo‘yicha o‘tkazilayotgan ekspertiza xulosasida aniq bo‘lishi aytilgan.
Bo‘zumbayev, shuningdek, ayrim davlatlarga so‘rovlar yuborilganini ham qayd etgan. Bu davlatlarda foydalanilayotgan harbiy texnikalar, ayniqsa samolyot fuzelyajida topilgan turdagi zarba yetkazuvchi elementlarga ega qurollar borligi aniqlanmoqda.
Uning ta’kidlashicha, ushbu halokatni siyosiy tusga kiritish, ya’ni siyosiylashtirish noto‘g‘ri bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 25 dekabr kuni Bakudan Grozniyga uchayotgan AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot Aqtau shahri yaqinida qulab tushgan edi. Samolyot bortida jami 67 kishi bo‘lgan – 62 nafar yo‘lovchi, 5 nafar ekipaj a’zosi. Ularning orasida Ozarbayjon, Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolari bor edi. Halokat oqibatida 38 kishi, jumladan 6 nafar qozog‘istonlik halok bo‘lgan. 29 kishi tirik qolgan, ulardan ikkitasi bort kuzatuvchisi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjonning “Minval” nashri 2024 yilning dekabr oyida Ozarbayjonning AZAL aviakompaniyasi samolyoti o‘qqa tutilgan vaqtda xizmatda bo‘lgan barcha rossiyalik harbiy xizmatchilarning ismlarini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr