Blue Origin raketasi sinov paytida portlab ketdi (video)

Texnologiya

image

Blue Origin kompaniyasining New Glenn og‘ir raketa-tashuvchisi Floridadagi Kanaveral burnida joylashgan 36-start kompleksida o‘tkazilayotgan sinov vaqtida portlab ketdi. NASASpaceFlight jarayonni to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiyasi qildi.

Hodisa kecha, 19 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 21:00 atrofida yuz bergan. Blue Origin kompaniyasi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida sinov vaqtida “anomaliya” (favqulodda holat) yuz berganini tasdiqlagan. Kompaniya egasi Jeff Bezosning so‘zlariga ko‘ra, barcha xodimlar xavfsiz joyda va xodimlar hayotiga hech qanday tahdid yo‘q. U avariya sabablari haqida hozizdan xulosa chiqarishga hali erta ekanligini alohida ta’kidlab o‘tgan.

“Associated Press”ning xabar berishicha, portlash shu qadar kuchli bo‘lganki, Keyp-Kanaveral va Koko-Bich aholisi uylarning silkingani va osmonda yorqin chaqnash ko‘ringani haqida xabar bergan. Mahalliy xizmatlar yonilg‘i chiqindilari tufayli atrof-muhitga hech qanday xavf yo‘qligini ma’lum qilgan.

Ushbu sinov yaqin haftalarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan New Glenn raketasining to‘rtinchi parvoziga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Raketa Amazon Leo internet-servisi uchun mo‘ljallangan 48 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqishi kerak edi. Sinov vaqtida raketa ichida sun’iy yo‘ldoshlar bo‘lmagan. Parvoz maydonchasi infratuzilmasiga yetkazilgan zarar ko‘lami hozircha to‘liq aniq emas.

Joriy yilning boshida ham ushbu raketa texnik muammolarga duch kelgan: parvozlarning birida raketaning yuqori bosqichi AST SpaceMobile sun’iy yo‘ldoshini kerakli orbitaga chiqara olmagan, bu esa butun missiyaning muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga va qurilmaning yo‘qotilishiga olib kelgan.

Ma’lumot uchun, New Glenn – bu Blue Origin kompaniyasi tomonidan tijoriy, ilmiy va milliy missiyalar uchun ishlab chiqilgan og‘ir toifadagi raketadir. U ilk bor 2025 yilda parvoz qilgan va AQSH Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) tomonidan Oy dasturi – Artemis’ning muhim elementlaridan biri sifatida qaraladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning xususiy kosmik kompaniyasi SpaceX Starship raketasining 12-sinov uchirilishini amalga oshirgandi. Raketa kosmosda taxminan bir soat parvoz qilgan va oltita dvigateldan biri ishlamaganiga qaramay, Hind okeaniga boshqariladigan tarzda qo‘ngan. Qo‘nishdan so‘ng kema ag‘darilib portlagan.


Maqola muallifi

Teglar

raketa NASA Blue Origin New Glenn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing