“Bolalarimga bir tiyin ham yo‘q”. Ibrohim Totlisas merosini kimga vasiyat qilganini aytdi (video)

Madaniyat-san’at

image

Turkiyaning mashhur xonandasi Ibrohim Totlisas butun mol-mulkini farzandlariga emas, balki davlatga vasiyat qilib qoldirishini ma’lum qildi. U bu haqda kecha, 22 aprel kuni shifoxonadan chiqayotib, “Cumhuriyet”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Bolalarimga bir tiyin ham yo‘q, merosimning hammasini davlatga qoldiraman. Ularning ba’zilari sababli oilamning bir qismi aziyat chekdi. Otam menga pul qoldirmagan, u jigar pishiradigan oshpaz edi. Pulni o‘zim topganman, xohlasam sarflayman. Men ularga juda katta meros qoldirdim, lekin buni anglab yetishmadi. Ibrohim Totlisas nomi bilan barcha eshiklar ochiladi, lekin ular bundan foydalanishni bilmadi”, degan san’atkor.

Totlisasning boyligi qancha?

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ibrohim Totlisasning umumiy boyligi taxminan 150 milliondan 850 million dollargacha baholanadi. Turkiyaning Bodrum va Izmir shaharlarida unga tegishli mehmonxonalar, villalar, kvartiralar, kabob restoranlari, telekanallar va avtomobil parklari borligi aytiladi.

O‘zini yaxshi his qilayotganini aytgan Totlisas farzandlarining ba’zilari otaning qadriga yetmagani uchun ulardan voz kechganini bildirgan.

“Do‘stlarim meni yolg‘iz qoldirmadi, Izmir va Anqaradan keldi – barchasiga rahmat. Do‘st shunday kunda kerak. Alloh farzandlarimdan rozi bo‘lsin, lekin hammasidan emas. Tug‘cha qizimdan Alloh rozi bo‘lsin. Lekin “A” harfini alifbodan o‘chirib tashladim (Ahmad ismli o‘g‘li). Ba’zi farzandlarimni shifoxonaga kiritmaslikni men xohlamadim. Ular yuragimda munosib joyda emas. Men, otam shunday ahvolda bo‘lsa, uni yolg‘iz qoldirmasdim, hatto jonimni berardim. Otalarning qadrini qachon tushunadi – bilmayman”, degan Totlisas.

San’atkor, shuningdek, davolanishda yordam bergan shifoxona xodimlariga minnatdorlik bildirib, o‘zi tug‘ilgan ona shahri Shonliurfada shifoxona ochishni taklif qilgan.

“Shonliurfada 4,5 sotix yerim bor. U yerda xususiy shifoxona yo‘q, hamma G‘oziantepga boradi. Kelinglar, o‘sha joyni ko‘ringlar, imkon bo‘lsa, u yerda ham shifoxona ochaylik”, degan u.

Ma’lumot o‘rnida: san’atkorda o‘t pufagi bilan bog‘liq bakterial infeksiya — xoletsistit (o‘t pufagi yallig‘lanishi) aniqlanib, antibiotik muolajasi boshlangan edi. Davolanish jarayonidan so‘ng, u joriy yilning 11 aprel kuni operatsiyani boshidan kechirdi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgach, shifokorlar san’atkor yana bir muddat reanimatsiyada kuzatuv ostida bo‘lishini, so‘ngra uyiga javob berilishini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, xonanda Ibrohim Totlisas joriy yilning 7 aprel kuni Istanbuldagi uyida tobi qochgani sababli, tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilgandi. Uning to‘ng‘ich o‘g‘li Ahmad Totlisas sud tomonidan o‘ziga nisbatan chiqarilgan yaqinlashmaslik qarori va oyog‘idagi elektron kishan tufayli otasining oldiga bora olmagan. U shifoxonaga kira olmay, 3 kilometr uzoqlikda joylashgan masjidda vaqt o‘tkazgan.  Ibrohim Totlisas va uning to‘ng‘ich o‘g‘li Ahmad Totli o‘rtasidagi nizoning bosh omili – moddiyatdir. Ibrohim Totlisas o‘z o‘g‘lini kompaniyalaridagi mablag‘larni noto‘g‘ri boshqarganlikda va uning mulkiga sherik bo‘lishga intilishda bir necha bor ayblagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya shifoxona vasiyat Ibrohim Totlisas merosini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing