Bugun AQSH va Eron tinchlik memorandumini imzolashi mumkin
Olam
−
10:15 1401 2 daqiqa
Bugun, 14 iyun kuni Jenevada AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik memorandumi imzolanishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, hujjatni Amerika Qo‘shma Shtatlari vitse-prezidenti Jey Di Vens va Eron parlamenti spikeri Muhammad Bog‘ir G‘olibof imzolashi kutilmoqda.
Nashrning qayd etishicha, memorandum loyihasida Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi evaziga Eron aktivlarini blokdan chiqarish va neft sanksiyalarini bekor qilish ko‘zda tutilgan. Eron yadro dasturi masalasi esa keyingi 60 kunlik muzokaralar davomida muhokama qilinadi va bu muzokaralar yakunda dasturning tugatilishi hamda boyitilgan uran zaxiralarining yo‘q qilinishiga olib borishi kerak.
Shu bilan birga, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi zaxiralarning mamlakat ichida yo‘q qilinishi Tehron uchun yagona maqbul variant ekanini aytgan.
Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, tomonlar, shuningdek, Eronga kompensatsiya to‘lanishi ehtimoli va raketa dasturini cheklash bo‘yicha talablardan voz kechishni ham muhokama qilmoqda, biroq amerikalik rasmiylar ushbu ma’lumotni rad etmoqda.
“Eron o‘z majburiyatlarini bajarmaguncha uning hech qanday mablag‘i blokdan chiqarilmaydi. Hormuz bo‘g‘ozi ochiladi. Eron terrorchi guruhlarni moliyalashtirishni to‘xtatadi. Ular mana shunga kelishib oldilar. Bu natijalarga asoslangan kelishuvdir”, deydi “Reuters” manbalaridan biri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik shartnomasining yakuniy kelishuvi yaqin 24 soat ichida amalga oshishi kutilayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi