Dunyoda qariyb 138 mln bola mehnat qilishga majbur – BMT
Olam
−
10 iyun 917 2 daqiqa
2025 yil bo‘yicha ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda qariyb 138 million bola mehnat qilishga majbur bo‘lmoqda, ulardan 54 millioni hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan sharoitda ishlayapti. Bu haqda Xalqaro mehnat tashkilotiga (XMT) tayanib, BMT xabar berdi.
Har yili 12 iyun kuni Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni nishonlanadi. Ushbu kun bolalarni ekspluatatsiya qilish muammosiga e’tibor qaratish hamda davlatlar, biznes va fuqarolik jamiyati sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida 2002 yilda ta’sis etilgan.
Ushbu kun butun dunyo bo‘ylab millionlab bolalar bilim olish, o‘ynash va xavfsizlikda ulg‘ayish imkoniyatidan mahrum ekanliklarini eslatib turadi. Bolalar mehnati ayniqsa qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va norasmiy sektorda keng tarqalgan bo‘lib, bu sohalarda voyaga yetmaganlar juda zaif va himoyasizdir.
2026 yilgi kunning mavzusi – “Bolalar mehnatiga qizil kartochka: bolalar uchun adolatli sharoit, kattalar uchun munosib ish” deb nomlandi. Bu bolalikni himoya qilish va shu bilan birga kattalarni munosib ish sharoiti bilan ta’minlash zarurligini alohida ta’kidlaydi. Bunday yondashuv XMTning asosiy tezisini aks ettiradi: bolalar mehnati – bu kambag‘allik, ish o‘rinlarining yo‘qligi va ijtimoiy tizimlarning zaifligi oqibatidir, demak, unga qarshi kompleks kurashish lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro mehnat tashkiloti Turkmanistonda bolalar mehnati rasman taqiqlanganiga qaramay, 2025 yilda paxta terimida ishtirok etgan bolalar soni ortganini qayd etgandi.
Live
BarchasiAQSH va Eron memorandum imzoladi
18 iyun