“Elektron retsept tushimizga ham kirib chiqdi”. Vazir yangi tizim joriy etilishiga oid dahshatli faktlarni ochiqladi (video)
Jamiyat
−
23 dekabr 4827 5 daqiqa
Bugun, 23 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorovning “Sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha qabul qilingan rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosi to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi. Yig‘ilishda deputatlar vazirga qator savollar yo‘lladi.
Xususan, Liberal-demokratik partiya fraksiyasi a’zosi Ma’rufjon Rahmonov elektron retsept tizimini joriy etish uchun qanday sharoitlar yaratilgani, keksalar va chekka hududlarda yashovchi aholi ushbu tizimdan qanday foydalanishi, internet aloqasi uzilgan hollarda dorilarni xarid qilishda fuqarolarning haqli e’tirozlarining qanday oldi olinishi yuzasidan savol berdi.
Vazir Asilbek Xudoyorov elektron retsept joriy etilishi “xayrli ish” ekanini ta’kidlab, so‘nggi kunlarda mazkur masala vazirlik faoliyatining asosiy mavzusiga aylanganini aytdi.
“Bunday savolni kutgan edim, chunki bir hafta, 10 kun davomida bu masala tushimizga ham kirib chiqdi. Bu juda xayrli ish. Ko‘pchilik yozdi va bizlarni ayblab, Yevropa davlatlariga tenglasha olmaymiz deyishdi. Birinchi qilingan narsa dorilarni nojo‘ya ta’sirini oldini olishga qaratilgan”, dedi vazir.
Uning ma’lum qilishicha, 2025 yilning o‘zida dori vositalarini shifokor tavsiyasisiz qabul qilish oqibatida 24 mingdan ortiq murojaat qayd etilgan. Shundan 418 holatda anafilaktik shok, 7,017 holatda esa dori bilan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan. Faqat Toshkent shahrining o‘zida 741 ta holat qayd etilgan.
Shuningdek, dori vositalari orqali o‘z joniga qasd qilish holatlari ham mavjud. Joriy hisobot davrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga 2 500 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lib, ularning 1 500 nafari aynan dori qabul qilish orqali joniga qasd qilishga uringan. Shu bilan birga, tizim shifokorlarning mas’uliyatini oshiradi va ularning barcha tayinlovlari elektron baza orqali kuzatib boriladi.
“Misol uchun tug‘uruqxonalarni oladigan bo‘lsak, o‘rtacha 120 turdagi dori vositalari, tibbiy buyumlar davlat tomonidan bepul beriladigan paytda, ularning 70 foizi, ya’ni 85 tasi retsept bilan beriladigan dorilar hisoblanadi. Bugungacha shifoxonada dori mavjud, byudjet tomonidan ta’minlangan bo‘lsa-da, shifokorlar tomonidan bemorlarga hech qanday to‘siqsiz shifoxonada mavjud bo‘lgan, kafolatlangan paketdagi dori vosita ham yozib berilishi holatlari bo‘lgan”, dedi vazir.
Bundan tashqari, shifokor va farmatsevtika kompaniyalar o‘rtasidagi korrupsiyaga barham beriladi. Elektron retseptda faqatgina dorini xalqaro nomi yoziladi, savdo nomi yozish imkoniyati chegaralanadi. Bu norasmiy kelishuvlarning imkoniyatini chegaralaydi. Elektron retseptda klinik protokollar asosida beshtagacha dori yozish mumkin bo‘ladi, beshtadan ortiq dori yoziladigan bo‘lsa, konsilium natijasida asoslantirish shart ekani belgilanadi.
“Albatta, ma’lum bir foiz shifokorlar bu narsaning bosh og‘rig‘idan xohlamay, orqaga qaytishga majbur bo‘ladi. Shifokorlarni to‘g‘ri tashxisni qo‘yish, retsept yozishda mas’uliyati javobgarligi oshadi. Ya’ni har bir dori shifokor tomonidan tayinlanishi kerak. Shifokor doimiy raqamli kuzatuv ob’ektiga aylanadi. Shifokorlarni mavqeini oshiradi. Bemorga tashxisni davolash tavsiyasini dorixona emas, dorixonachi emas, aynan shifokor tayinlashi kerak. Bizga noma’lum bo‘lgan shaxs o‘tirib, sizga bosh og‘rig‘iga dori tavsiya qiladi. Chek qo‘yish kerak bu narsaga”, dedi Xudoyorov.
Shu bilan birga, elektron retsept tizimi davlat uchun ilgari mavjud bo‘lmagan ma’lumotlar bazasini shakllantiradi. Kasallik, shifokorlar tayinlovi, uzluksiz taqqoslanadigan hududlarga bog‘langan axborot oqimi, dorining noqonuniy aylanmasi bilan birgalikda ehtiyojni aniqlash, ya’ni keyingi yilga aholi uchun byudjet tomonidan kafolatlangan qaysi dorini ko‘proq sotib olish kerakligi bo‘yicha ehtiyoj elektron bazada paydo bo‘ladi. Reklamalar ta’siri kamayadi.
Vazir internet yoki elektr uzilishlari holatida elektron retsept qanday ishlashi bo‘yicha ham tushuntirish berdi. Unga ko‘ra, texnik nosozliklar yuz berganda, antibiotik va gormonal dorilardan tashqari vositalarni vaqtincha qog‘oz shaklida berishga ruxsat etiladi. Biroq tizim tiklangach, barcha ma’lumotlar albatta elektron bazada qayd etiladi.
Shuningdek, vazir ayrim dorixona xodimlari tomonidan tizimni noto‘g‘ri talqin qilish va elektron retsept talab etilmaydigan dorilarni ham sotishdan bosh tortilgan holatlar kuzatilganini ochiq aytdi.
“Dorixonalarda aholi tomonidan juda katta e’tiroz bu darajada bo‘lgani yo‘q. Shikoyatlar bo‘ldi, lekin u darajada rezonans bo‘lgani yo‘q. Lekin biz o‘zimizga xulosa qildik. Ammo bu yo‘ldan qaytilmaydi. Buni manfaatli tomonini jamiyat uchun, odamlarning xavfsizligi uchun foydalarini aytib o‘tdik. Lekin ehtiyotkorlik bilan qilamiz. Endi tibbiyot xodimlari o‘qitildi”, dedi Asilbek Xudoyorov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, keksalar va og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun patronaj tizimi kuchaytirilgan, surunkali kasallikka chalingan bemorlarga esa oldindan elektron retsept rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, vazir ayrim hududlarda internet tezligi, texnik xizmat va tibbiyot xodimlarining raqamli ko‘nikmalari bilan bog‘liq muammolar mavjudligini tan oldi va ular bosqichma-bosqich bartaraf etilishini bildirdi.
“DMED axborot tizimida aholi foydalanishi qulay bo‘lgan mobil ilova yaratilgan bo‘lib, ushbu ilovadan foydalanish bo‘yicha patronaj hamshiralari tomonidan ko‘rsatma beriladi. Qariyalarning aksariyati hozir internet tizimidan foydalanish, mobil vositalardan foydalanish bo‘yicha juda ham faol. Kerak bo‘ladigan bo‘lsa, poliklinika yordam beradi. Lekin shu bilan birgalikda, men kamchilikni ham aytishim kerak, ayrim hududlarda axborot qurilmalaridan foydalanish, samaradorligini oshirish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda. Ya’ni ekspluatatsiya jarayonida biz yana ham kamchiliklarimizni to‘g‘rilashimiz kerak. Pichoqni o‘zimga uraman, kamchilikni aytaman. Shu bilan birgalikda, DMED axborot tizimidan foydalanishda internet tezligi, texnik qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot xodimlarining raqamli ko‘nikmalari bilan bog‘liq muammolar mavjud”, dedi Xudoyorov.
Live
Barchasi