Endi davlat tashkilotlarida 1 xodimga to‘g‘ri keladigan maydon 2 barobarga qisqartiriladi

Jamiyat

image

Endi O‘zbekistonda davlat ko‘chmas mulki ob’ektlari bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga o‘tkaziladi, bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartiriladi. Bu haqda kecha, 6 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish masalalariga doir takliflar taqdimotida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda xususiy sektorni rivojlantirish va investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Bugungi kunda iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni, davlat ishtirokidagi korxonalarning soni esa 1 ming 685 tani tashkil etmoqda. Xususan, o‘tgan yili qariyb 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, byudjetga 10 trillion so‘mdan ortiq tushum ta’minlangan. Yer uchastkalarini sotish hajmi ham oshib, 6 trillion so‘mlik natijaga erishilgan.

Xususiylashtirishdan manfaatdorlik tizimi joriy etilib, viloyatlarda 2,6 trillion so‘m, mahallalarda esa 7 milliard so‘m mablag‘ qolgan. Davlat korxonalari esa byudjetga 49 trillion so‘m to‘lagan. Umuman, so‘nggi besh yilda xususiylashtirish hisobidan davlat korxonalari soni 60 foizga kamaygan.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Xususan, taqdimotda davlat korxonalarini tahlil qilish tizimida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani qayd etilgan. Moliyaviy holati og‘irlashgan 451 ta korxona 2024 yilda 14 trillion so‘m, o‘tgan yili esa 362 ta korxona 4 trillion so‘m zarar ko‘rgani aytilgan.

Qolaversa, hududlarda davlat mulkidan oqilona foydalanish, bo‘sh turgan maydonlarni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish bo‘yicha imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani qayd etilgan. Shu munosabat bilan davlat ko‘chmas mulki ob’ektlarini bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga o‘tkazish, bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12-15 kvadrat metrgacha qisqartirish taklif etilgan. Bu orqali 4,9 million kvadrat metr maydonni iqtisodiy aylanmaga kiritish, bo‘sh binolarni savdo va ijaraga chiqarish, shuningdek, saqlash va kommunal xarajatlarni qisqartirish imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, yirik aktivlar, jumladan, “UzAuto Motors” va uning tarkibidagi korxonalar, “Navoiyazot”, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari haqida axborot berilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish taklifi bildirilgan. Ushbu tizim doirasida xususiylashtirishning barcha jarayonlari onlayn kuzatib boriladi, davlat korxonalarining moliyaviy tahlili va tushumlarni taqsimlash jarayonlariga sun’iy intellekt elementlari joriy qilinadi.

Davlat rahbari iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, aktivlardan samarali foydalanish va xususiylashtirish jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatchilarga o‘qishga kirishda yangi imtiyozlar taqdim etilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev davlat tashkilotlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing