Endi O‘zbekistonda chetdan qarz olgan yirik korxonalar toifalanadi
Jamiyat
−
27 Oktabr 2859 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonda chetdan qarz olgan yirik korxonalar “past xatarli”, “o‘rta xatarli” va “yuqori xatarli” deb toifalanadi. Bu haqda hukumatning joriy yilning 24 oktyabr kuni qabul qilingan 670-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda so‘z boradi.
Nizom O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar, ularga tegishli bo‘lgan korxonalar va ularga o‘zaro aloqador korxonalar guruhi tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilishni nazorat va monitoring qilish tartibini belgilaydi.
Yirik qarzdorlarning moliyaviy holati bo‘yicha xatarlar darajasi “past xatarli”, “o‘rta xatarli” va “yuqori xatarli” deb toifalanadi.
Yirik qarzdorlarning toifasi:
- “Past xatarli” bo‘lganda, jalb etilayotgan yangi moliyaviy qarz miqdoridan qat’i nazar;
- “o‘rta xatarli” bo‘lganda, jalb qilinayotgan yangi moliyaviy qarz miqdori mavjud moliyaviy qarzlari qoldig‘ining 5 foizidan yoki 20 million AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lgan hollarda;
- “yuqori xatarli” bo‘lganda, jalb qilinayotgan yangi moliyaviy qarz miqdori mavjud moliyaviy qarzlar qoldig‘ining 1 foizidan yoki 5 million AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lgan hollarda Muvofiqlashtiruvchi komissiyani xabardor qilgan holda, moliyaviy qarzlar jalb etiladi.
Yirik qarzdorlar moliyaviy holati yomonlashganda, Muvofiqlashtiruvchi komissiya tomonidan ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha quyidagi moliyaviy usullardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar beriladi, jumladan:
- Mavjud qarzlarni to‘lash uchun yangi, qulayroq shartlarda qarzlar (tashqi va ichki qarz, kredit) olish;
- qarzdorlikni qayta ko‘rib chiqish (muddatini uzaytirish, to‘lov jadvalini o‘zgartirish, foiz stavkasini pasaytirish, valyuta turini o‘zgartirishi).
Yirik qarzdorlar Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning moliyaviy qarzni jalb qilishni rad etish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkinligi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 oyi yakunida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 72,2 mlrd dollarni tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi 36,8 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 35,4 mlrd dollarga teng bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi