Energiyani tejash uchun gaz va “svet”ga cheklov kiritish taqiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda energiyani tejash maqsadida gaz va “svet” iste’moliga cheklov kiritish taqiqlandi. Bu haqda Prezidentning kecha, 29 aprel kuni qabul qilingan “2026 yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan bino va inshootlarida energiya samaradorligining “S” va undan yuqori toifasiga ega bo‘lish talabi kiritiladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Energiya samaradorligi milliy agentligiga Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali energiya servis kompaniyalari (ESKO) tomonidan davlat buyurtmalari asosida ko‘rsatiladigan energiya servis xizmatlari uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish huquqi beriladi.

2026 yildan har yili energiya sarfi belgilangan normativlardan keskin oshib ketgan davlat ob’ektlarida xalqaro standartlar va energiya servis mexanizmlari asosida energiya samaradorligini tubdan yaxshilash dasturlari amalga oshiriladi.

2026 yil 1 oktyabrga qadar ob’ektlar kesimida katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data), biznes-tahlil (Business Intellegence) va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida energiya iste’molini va samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz svet Energiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing