Eriksenning holati haqida ma’lumot berildi

Sport

image

Daniya terma jamoasi yarim himoyachisi Kristian Eriksen Ukrainaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida hushidan ketganidan so‘ng, qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tish uchun shifoxonada qoladi. Bu haqda uning shifokorlari ma’lum qildi. 

Hodisa kecha, 7 iyun kuni Odense shahrida bo‘lib o‘tgan Daniya – Ukraina o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida sodir bo‘ldi. Eriksen 65-daqiqada hushidan ketib, maydonga yiqilgan va unga darhol tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Uchrashuv muddatidan avval to‘xtatilgan va Daniyaning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Futbolchi darhol hushiga kelgan.

“Kristian o‘zini yaxshi his qilmoqda va maydonni o‘z xohishi bilan tark etdi. Menimcha, yurak stimulyatori kerakli tarzda ishlayapti. U qisqa vaqtga hushidan ketdi, ammo juda tez o‘ziga keldi va biz darhol u bilan muloqot qildik”, deydi Daniya tibbiyot universiteti shifokori Morten Boezen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eriksen jamoaga o‘zini yaxshi his qilayotganini yetkazishni shaxsan so‘ragan.

“Hodisa sababini aniqlash uchun u endi shifoxonada qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tishi kerak. Biz u bilan va shifoxona shifokorlari bilan doimiy aloqadamiz. Kristian o‘zini yaxshi his qilmoqda va mendan barcha futbolchilarga salom aytib, uning ahvoli yaxshi ekanini yetkazishimni so‘radi”, deya qo‘shimcha qildi Boezen.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda Daniya va Finlyandiya o‘rtasidagi Yevropa chempionati uchrashuvida Kristian Eriksenning yuragi to‘xtab qolgan edi. Shifokorlar unga bir necha daqiqa davomida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan, jumladan yurak massajini amalga oshirgan.

Keyinchalik daniyalik futbolchiga kardioverter-defibrillyator o‘rnatish bo‘yicha operatsiya qilingan. Shu sababli o‘sha paytda “Inter” safida to‘p surgan Eriksen Italiya chempionatida ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Kristian Eriksen Daniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing