Eronda namoyishlarda qatnashgan 3 kishi qatl etildi

Olam

image

Eron hukumati joriy yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan hukumatga qarshi namoyishlar bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha uch nafar erkakni qatl etdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.  

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mehdi Rasuliy, Muhammad Rizo Miri va Ibrohim Do‘latobodiy Mashhad shahridagi tartibsizliklarda ishtirok etganlikda aybdor deb topilgan. Sud hokimiyatiga qarashli axborot manbalarida aytilishicha, ayblanuvchilar xavfsizlik kuchlari xodimining o‘limiga aloqadorlikda gumon qilingan, shuningdek, ulardan biri namoyishlarning tashkilotchilaridan biri sifatida ko‘rsatilgan. Qatl jazolari qachon va qayerda ijro etilgani rasman aniq aytilmagan. Biroq ayrim manbalarga ko‘ra, ikki nafar mahkum Mashhad shahridagi Vakilabod qamoqxonasida dorga osilgan.

Qayd etish doiz, so‘nggi oylarda Eronda qatl jazolari soni keskin oshgani kuzatilmoqda. Inson huquqlari tashkilotlari bu holatni mamlakat ichidagi norozilik kayfiyati va xalqaro keskinliklar fonida jamiyatda qo‘rquv uyg‘otishga qaratilgan chora sifatida baholagan.

Eronda namoyishlar 2025 yil dekabr oyida iqtisodiy muammolar ortidan boshlanib, qisqa vaqt ichida butun mamlakat bo‘ylab hukumatga qarshi chiqishlarga aylangan edi. Ayniqsa, 8-9 yanvar kunlari namoyishlar eng yuqori nuqtaga chiqdi. Huquqni himoya qilish tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari tomonidan amalga oshirilgan bostirishlar oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan. Rasmiylar esa namoyishlarni chet el kuchlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tartibsizliklar sifatida baholagan.

Norvegiyada joylashgan inson huquqlari tashkilotlari bu shaxslarni siyosiy mahbuslar deb atab, ularga nisbatan chiqarilgan hukmlarni adolatsiz sud jarayonlari natijasi, deya baholamoqda. Ularga ko‘ra, ayblanuvchilarga nisbatan ayblovlar qisqa muddatli sud jarayonlarida, majburiy iqrorlar asosida ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil mart oyidan buyon Eronda kamida 24 nafar siyosiy mahbus qatl etilgan. Xalqaro tashkilotlar, jumladan, “Amnesty International” Eron hukumatini qatl jazolarini to‘xtatishga chaqirgan. Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, agar xalqaro hamjamiyat tomonidan qat’iy choralar ko‘rilmasa, mamlakatda qatl jazolari yanada ko‘payishi mumkin. Eron esa qatl jazolari soni bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 may kuni Eron shimoli-g‘arbidagi G‘arbiy Ozarbayjon viloyatida Isroil rejimining “Mossad” razvedka xizmatiga josuslik qilgan Yoqub Karimpur va Nosir Bekarzodalar qatl etilgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Eron namoyishlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing