Erondagi vaziyat sabab neft narxi keskin qimmatlab ketdi
Olam
−
09 mart 3394 2 daqiqa
Yaqin Sharqdagi keskin geosiyosiy vaziyat tufayli Brent markali neft narxi barreli uchun qariyb 120 dollarga yaqinlashdi. Bu ko‘rsatkich 2022 yil iyun oyidan beri birinchi marta kuzatilmoqda.
Bugun, 9 mart kuni savdolar ochilishi bilan Brent neftining may oyi fyucherslari ICE London birjasida keskin qimmatlashgan. Toshkent vaqti bilan soat 07:33 holatiga ko‘ra, narx 28,92 foizga o‘sib, barreli 119,5 dollarga yetdi. Keyinchalik o‘sish sur’ati biroz sekinlashib, soat 09:25 holatiga ko‘ra narx 25,16 foizga ko‘tarilib, 116,01 dollar atrofida shakllandi.
Neft narxining keskin oshishiga AQSH va Isroil 28 fevral kuni Eronga qarshi boshlagan harbiy operatsiya sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bu mojaro oqibatida bir nechta davlatlar ham qarama-qarshilikka jalb qilindi. Eron esa javob tariqasida Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlaridagi AQSH bazalariga raketa hamda dronlar bilan zarba bergan.
Harbiy harakatlar boshlanganidan keyin dunyo neft tashishining eng muhim yo‘llaridan biri bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozi yopildi. Bu yo‘lak orqali jahonda ishlab chiqarilayotgan neftning taxminan 20 foizi tashilar edi.
Hormuz bo‘g‘ozi nafaqat Eron, balki Bahrayn, Iroq, Qatar, Kuvayt, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari uchun ham asosiy neft eksport yo‘li hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yo‘lak orqali kuniga taxminan 13,4 million barrel neft tashilgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, mart oyi boshidan beri neft narxi 60 foizdan ko‘proqqa oshgan. Global Risk Management bosh tahlilchisi Arne Rasmussen bozor urush qancha davom etishini kam baholaganini ta’kidlab, treyderlar xavfni anglay boshlagani sari “qor to‘pi effekti” yuzaga kelganini aytdi.
Qatar Energetika vaziri Saad Sherida al-Kaabiy tankerlar Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘ta olmasa, ikki-uch hafta ichida neft narxi barreli uchun 150 dollargacha chiqishi mumkinligini bildirdi. U shuningdek tabiiy gaz narxi ham keskin oshib, 1 megavatt-soat uchun 117 yevro (ming kub metr uchun taxminan 1420 dollar)gacha yetishi mumkinligini aytdi.
JPMorgan bosh iqtisodchisi Bryus Kasman esa jahon iqtisodiyoti hali ham Yaqin Sharqdan neft va gaz yetkazib berishga katta darajada bog‘liqligini ta’kidladi. Uning fikricha, qisqa muddatda neft narxi 120 dollargacha ko‘tarilishi mumkin, keyin esa vaziyat biroz tinchisa barqarorlashishi ehtimol.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eronga qarshi urush fonida Rossiya nefti va “soya floti” qarshi sanksiyalarni bir oy muddatga faqat Hindiston uchun to‘xtatgandi.
Live
Barchasi