Eronga qarshi urush tufayli 45 mln kishi och qolishi mumkin – BMT

Olam

image

Yaqin Sharqdagi mojaro ochlikdan aziyat chekuvchilar sonining 45 million kishiga ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (JOD) ijrochi direktori o‘rinbosari Karl Skau ma’lum qildi.

“Bizning tahlillarimizga ko‘ra, agar Yaqin Sharqdagi mojaro iyun oyigacha davom etsa, narxlarning ko‘tarilishi yana 45 million kishining o‘tkir ochlik holatiga tushib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin”, deydi u.

Skauning so‘zlariga ko‘ra, bu dunyodagi ochlik darajasi rekord darajaga yetishiga olib keladi. Bu “dahshatli, juda dahshatli istiqbol”, deya qo‘shimcha qilgan u. Hozirda butun dunyo bo‘ylab ochlikdan aziyat chekayotganlar soni 319 million kishini tashkil etmoqda, bu esa allaqachon tarixiy maksimal ko‘rsatkichdir.

Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovining deyarli butunlay to‘xtab qolgani va Qizil dengizdagi dengiz qatnovi uchun ortib borayotgan xavf allaqachon energiya resurslari, yoqilg‘i va o‘g‘itlar narxining oshishiga olib kelmoqda, bu esa Yaqin Sharqdan tashqarida ham ochlikni kuchaytirmoqda. Mojaro uzoq davom etuvchi oqibatlarga ega va dunyoning eng zaif qatlamlari uning ta’siridan eng ko‘p zarar ko‘radi. Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika va Osiyo mamlakatlari oziq-ovqat va yoqilg‘i importiga qaramligi sababli eng ko‘p xavf ostida qolmoqda.

Yaqin Sharqdagi urush jahon oziq-ovqat inqirozini keltirib chiqarishi mumkinligi haqida avvalroq “Financial Times” nashri ham yozgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar Yaqin Sharqda eng keng tarqalgan azotli o‘g‘it – karbamid ishlab chiqarishni izdan chiqargan. Shu bilan birga, gaz tanqisligi Janubiy Osiyodagi o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarni hajmni qisqartirishga majbur qilgan. O‘g‘it narxi allaqachon 40 foizdan ko‘proqqa oshgan.

Xalqaro oziq-ovqat siyosati tadqiqot institutiga ko‘ra, energiya resurslari narxining oshishi oziq-ovqat inflyatsiyasini tezlashtirishi mumkin. Hormuz bo‘g‘ozi orqali Qatar, Umon, Saudiya Arabistoni va Erondan o‘g‘itlar tashilar edi.

Eron Hormuz bo‘g‘ozidagi kema qatnovi ustidan amalda nazorat o‘rnatgan. Shuningdek, u faqat respublika tomonidan tasdiqlangan kemalarning o‘tishiga ruxsat beriladigan tizimni yaratmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp NATO bo‘yicha ittifoqchilari va hamkor davlatlarga murojaat qilib, Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlashda yordam berishga chaqirgandi. Ayrim davlatlar esa Trampning Hormuz bo‘g‘ozini ochishda AQSHga harbiy yordam berish haqidagi chaqirig‘ini rad etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Yaqin Sharq ochlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing