FIFA Messi bilan bog‘liq bahsli vaziyat yuzasidan izoh berdi
Sport
−
12:37 3021 2 daqiqa
FIFA hakamlar qo‘mitasi raisi Perluiji Kollina Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi ishtirok etgan bahsli vaziyat yuzasidan izoh berdi. Bu haqda Kollina “The Sun” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“FIFA qoidalariga ko‘ra, mazkur epizodni jiddiy qoidabuzarlik yoki tajovuzkor harakat sifatida baholab bo‘lmaydi. Butsa bilan raqib oyog‘i o‘rtasidagi teginish ortiqcha kuch ishlatish yoki qasddan qilingan harakat oqibatida yuz bermagan. Bu o‘yinning tabiiy jarayonida sodir bo‘lgan holat bo‘lib, raqib futbolchisi uchun jiddiy xavf tug‘dirmagan”, deydi Kollina.
Mazkur holat 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichining birinchi turidagi Argentina – Jazoir uchrashuvining 31-daqiqasida sodir bo‘lgan. Voqea davomida Messi to‘p uchun kurash jarayonida jazoirlik himoyachi Ayssa Mandining oyog‘ini bosib ketgan.
Epizoddan keyin ayrim mutaxassislar va muxlislar argentinalik futbolchi jazolanishi kerakligini ta’kidlagan. Biroq bosh hakam Shimon Marchinyak unga kartochka ko‘rsatmadi, VAR tizimi ham vaziyatni qo‘shimcha ko‘rib chiqishni tavsiya qilmadi.
Bu qaror futbol jamoatchiligi orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, FIFA maydondagi hakamlar qarorini qo‘llab-quvvatladi.
Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi Jahon chempionatida Jazoirga qarshi bahsda xet-trik qayd etib, Argentina terma jamoasining 3:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan. Shuningdek, u Jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Klozening natijasiga tenglashgan.
Live
Barchasi