FVB boshlig‘i, MIB mansabdori va advokatlar qo‘lga olindi (video)
3-sahifa
−
19 Oktabr 12413 2 daqiqa
Navoiy, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida pora so‘ragan mansabdorlar hamda advokatlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Jumladan, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali kelib tushgan murojaatga asosan, tumandagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksining yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi haqida ijobiy xulosa berish evaziga 3000 dollar talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs ushbu pul mablag‘ini o‘zining xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Jarqo‘rg‘on tuman Majburiy ijro bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari va davlat ijrochisi o‘z xizmat mavqeilaridan foydalangan holda bo‘lim ish yurituvida bo‘lgan ijro ishi doirasida 1993 yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan xorijga chiqishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilib berish uchun 600 dollar hamda paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga nisbatan yuritilgan ijro ishi doirasida xo‘jalikning yer maydonlarini auksion savdolarga chiqarmaslik evaziga 10 mln so‘m olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahrida xizmat mavqeilaridan foydalangan holda, mo‘maygina daromad topishni reja qilgan advokatlik byurosi advokati hamda advokatlik hay’ati advokatining noqonuniy harakatlari fosh etildi. Xususan, ular Uchtepa tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining Tergov bo‘limi tomonidan Olmazor tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida unga qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasini tanishlari orqali uy qamog‘i ehtiyot chorasiga o‘zgartirib berish evaziga 14 ming dollar talab qilgan. Olmazor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ushbu ikki advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a”,“v” bandlari va 28 orqali 211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida 15 ming dollar olgan hokimi o‘rinbosari ushlangandi.
Live
Barchasi