Germaniyada Shengen vizani soxtalashtirgan o‘zbekistonliklar ushlandi

3-sahifa

image

Germaniyada qisqa muddatli viza bilan bog‘liq sxema bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Tergov talqiniga ko‘ra, ushbu vizalar O‘zbekiston fuqarolari uchun noqonuniy ravishda rasmiylashtirib berilgan. Bu haqda “Die Zeit” xabar berdi.

Qayd etiliicha, 220 nafarga yaqin politsiya xodimi Germaniyaning Gessen va Quyi Saksoniya federal yerlaridagi yettita ob’ektda tintuv ishlarini o‘tkazgan. Ish tijorat maqsadida chet elliklarni mamlakatga noqonuniy olib kirish, ularning noqonuniy yashashi, aldov yo‘li bilan viza berish va hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq. 

Tergov talqiniga ko‘ra, tarkibida O‘zbekistonning bir necha fuqarosi bo‘lgan xalqaro guruh ish qidirayotgan o‘zbekistonliklar uchun qisqa muddatli Shengen vizasini rasmiylashtirish bilan shug‘ullangan bo‘lishi mumkin. Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, buning uchun ular tegishli organlarga soxta ma’lumotlar va aviachiptalarni taqdim etgan. Germaniyaga kirib borganlaridan so‘ng, odamlar Yevropa Ittifoqi davlatlarining qalbaki hujjatlari bilan ta’minlangan, keyin esa ushbu ma’lumotlardan sug‘urta, soliq va migratsiya tuzilmalarida ro‘yxatdan o‘tish, bank hisob raqamlari ochish hamda mobil telefon raqamlarini ulash uchun foydalanilgan.

Tintuvlar davomida huquq-tartibot xodimlari 12 nafar gumonlanuvchini va Germaniyada qolish uchun qonuniy asosi bo‘lmagan yana 9 kishini qo‘lga olgan. Ulardan Yevropaning turli davlatlariga tegishli qalbaki ekanligi taxmin qilinayotgan shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar va haydovchilik guvohnomalari, 20 dan ortiq mobil telefon, 2 ta noutbuk, shuningdek, bank, ro‘yxatdan o‘tish va sug‘urta hujjatlari musodara qilingan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sxema ishtirokchilari soxta vizani rasmiylashtirish uchun 2 ming yevro, aviachiptalar uchun yana 2 ming yevro, qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun esa 400 yevro miqdorida pul olgan bo‘lishlari mumkin. Ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari hali ham davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiyaning Toshkentdagi elchisi bo‘lgan 56 yoshli Papadia de Bottini di SantʼAneze hamda uning hamkori, 53 yoshli rossiyalik ayol Tatyana Tarakanova Rim prokuraturasi tomonidan noqonuniy migratsiyaga ko‘maklashish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumonlanib qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi. Ular rossiyaliklarga Shengen hududiga kirish uchun uzoq muddatli turistik vizalarni 1 yildan 3 yilgacha qonun talablarisiz berib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Shengen viza

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing