Urush kimning foydasiga hal bo‘ladi?
Tahlil
−
03 aprel 4349 8 daqiqa
Tez orada urush tugaydi. 1 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiya yaqin haftalarda yakunlanishini aytdi. Biroq, oradan bir kun o‘tib, Tramp Oq uyda qilgan murojaatida Eron hududiga juda kuchli zarbalar berib, uni “Tosh davriga” qaytarmoqchiligini bildirdi. Trampning bir-biriga zid bayonotlari yangrayotgan bir paytda, Eron Prezidenti Ma’sud Pezeshkiyon ham urushni tugatishga tayyorligini, biroq bu faqat Eron qo‘ygan shartlar bajarilgandagina amalga oshirilishi mumkinligini bildirdi.
Endi Eron Yaqin Sharqda keskinlik fonida muhim strategik nuqta hisoblangan Hormuz bo‘g‘ozini yopish bilan qo‘rqita olmasligi mumkin. Sababi Saudiya Arabistoni Hormuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tuvchi neft quvurini to‘liq quvvatda ishga tushirdi. Eron esa bog‘ozdan o‘tish uchun o‘zi ruhsat bergan davlatlarning kemalariga xavfsiz yo‘lak tashkil qilinganini bildirdi. Garchi xabarlarda urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani qayd etilayotgan bo‘lsa-da, Yaqin Sharqda havo hujumlari bir oydan buyon davom etmoqda.
AQSHning bir-biriga zid bayonotlari
AQSH Prezidenti Donald Tramp 2 aprel kuni Oq uyda qilgan murojaatida Eronni “tosh davriga” qaytarmoqchiligini aytdi. Hatto u AQSH armiyasining Erondagi harakatlarini o‘z mimikalari bilan ko‘rsatib berdi. Oq uy rahbari Eron bilan harbiy operatsiyada deyarli barcha maqsadlariga erishgani va hujumlar yana 2–3 hafta davom etishini ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, Eron allaqachon o‘zining flotidan va harbiy-havo kuchlaridan deyarli mahrum bo‘lgan.
“Biz ularga juda kuchli zarbalar beramiz va ularni tosh davriga qaytaramiz. Agar Eron kelishuvga rozi bo‘lmasa, AQSH mamlakatdagi barcha elektr stansiyalariga bir vaqtning o‘zida kuchli zarbalar beradi”, degan Oq uy rahbari.
Biroq, bir kun avval, ya’ni 1 aprel kuni Tramp jurnalistlarga AQSH Erondan “ikki-uch hafta ichida” chiqib ketishini va urushni tugatish uchun Eron bilan tinchlik shartnomasi tuzish shart emasligini aytgandi. Shu kuning o‘zida Donald Tramp o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Eronning yangi rahbariyati AQSHga sulh tuzish bo‘yicha so‘rov yuborganini ham bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington roziligi uchun asosiy shart Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi hisoblanadi.
“Avvalgilariga qaraganda ancha kamroq radikal va ancha aqlliroq Eron rejimining yangi rahbari hozirgina Amerika Qo‘shma Shtatlaridan o‘t ochishni to‘xtatishni so‘radi! Hormuz bo‘g‘ozi ochiq, erkin va tozalangan bo‘lsa, biz bu taklifni ko‘rib chiqamiz”, deb yozdi Oq uy rahbari.
CBS News nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron iltimosiga binoan zarbalarni 10 kunga kechiktirganini bildirgan. U qarorini: “Eron mendan zarbalarni 7 kunga kechiktirishni so‘radi, ammo men ularga 10 kun muhlat beraman”, deya izohlagan.
Biroq, “The Wall Street Journal” nashrining yozishicha, muzokaralarda qatnashgan vositachilar Eron aslida bunday kechiktirishni so‘ramaganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Eron hozirgacha AQSH tomonidan taklif etilgan 15 banddan iborat tinchlik rejasiga rasmiy javob bermagan.
Eron Prezidenti urushni tugatish uchun shart qo‘ydi
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiya yaqin haftalarda tugashini aytgan bir paytda Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham urushni tugatishga tayyorligini, biroq bu faqat Eron qo‘ygan shartlar bajarilgandagina amalga oshirilishi mumkinligini aytdi. Bu haqda mamlakat Prezidenti o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilgan.
Pezeshkiyonning ta’kidlashicha, AQSH va Isroilning harbiy harakatlari xalqaro huquqni buzuvchi misli ko‘rilmagan jinoyatdir. U shuningdek, hujumlardan oldin Eron muzokaralarni halol olib borganini aytgan. Eron Prezidentining bildirishicha, AQSH harbiy bazalari joylashgan davlatlar bu bazalardan Eronga qarshi hujumlar uyushtirilishining oldini ololmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaroni tugatishning yagona yo‘li – agressiyani to‘xtatish. Agar xavfsizlik kafolatlari berilsa, Eron urushni yakunlashga tayyor.
“Rossiya va Pokiston rahbarlari bilan suhbatda Eronning mintaqada tinchlik tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladim. Sionistlar rejimi va AQSH boshlagan bu urushni tugatishning yagona yo‘li – Eronning qonuniy huquqlarini tan olish, reparatsiyalar to‘lash va kelajakdagi tajovuzga qarshi qat’iy xalqaro kafolatlar berilishidir”, dedi Mas’ud Pezeshkiyon
Mart oyida AQSH 15 banddan iborat tinchlik rejasini taqdim etgandi, biroq Tehron uni “bir tomonlama va adolatsiz” deb baholagan. Eron o‘z javobida bir qator talablarni qo‘ygan, agressiyani to‘xtatish; urush takrorlanmasligini ta’minlaydigan sharoit yaratish; yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lash; mintaqadagi barcha yo‘nalishlarda harbiy harakatlarni to‘xtatish.
Shuningdek, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi davlatlar o‘rtasida xabar almashinuvi borligini tasdiqlagan, ammo buni rasmiy muzokara deb atashdan bosh tortgan. Unga ko‘ra, u AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoffdan xabarlar olayotgan bo‘lsa-da, bu hali muzokaralar olib borilayotganini anglatmaydi.
Bundan tashqari Aroqchi AQSHning mamlakatga quruqlikdan bostirib kirishi ehtimoli aniqlik kiritib, Tehron bunday ssenariyga tayyorligini va quruqlikdagi urushda o‘z imkoniyatlariga ishonishini alohida ta’kidladi.
“Ular bunday qilishga jur’at etadi deb o‘ylamayman. Yo‘qsa, ularni juda og‘ir talofatlar kutadi. Ularga yetkazilgan zararni ko‘rdingiz. Ularning AWACS (radar kuzatuv)lariga nima bo‘ldi? Quruqlikdagi urushda biz bundan ham yaxshiroqmiz. Biz mamlakatimiz uchun quruqlikdagi har qanday tahdidga qarshi turishga to‘liq tayyormiz”, dedi Abbos Aroqchi.
Eron hukumatidan muhim shaxslardan biri oliy rahbar Mujtabo Xomanaiy ham saylanganidan beri hanuzgacha xalqqa ko‘rinish bermadi.“U tirikmi degan savollar?” nafqat ommaviy axborot vositalarida, balki urushni boshlab bergan AQSH hukumati tomonidan ham qayta-qayta yangramoqda.
Biroq, bu shubhalarga chek qo‘yib, Rossiyaning Erondagi elchisi Aleksey Dedov ayni damda yangi oliy rahbar Eronda ekanligini, faqat ko‘rinish bermayotganini bildirdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp 29 mart kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda esa uni alaqachon o‘ldiga chiqarib, Eronda yangi rahbarlar tayyorlaganini aytdi.
“ Agar siz ko‘rgan bo‘lsangiz, rejim allaqachon o‘zgargan, chunki bir rejim yo‘q qilindi, vayron qilindi, ularning barchasi o‘ldi. Keyingi rejimning aksariyati o‘lik", degan Tramp.
Shuningdek, Tramp kimni nazarda tutayotgani va AQSH aynan kim bilan ish olib borayotganini ochiqlamagan. Bundan tashqari, Tramp hozirgi Eron rahbarlarini “mutlaqo boshqa odamlar” va “juda professional shaxslar” deb atagan.
Eron endi Hormuz bo‘g‘ozini yopish bilan qo‘rqita olmaydi
Eron muhim strategik nuqta hisoblangan Hormuz bo‘g‘ozini yopish orqali avvalgidek bosim o‘tkaza olmasligi mumkin. Sababi, Saudiya Arabistoni tomonidan bo‘g‘ozni chetlab o‘tuvchi muqobil neft quvuri to‘liq quvvatda ishga tushirildi. Mazkur quvur qirollikning sharqiy neft konlarini Qizil dengiz sohilidagi terminallar bilan bog‘laydi va 28 fevral kuni boshlangan AQSH–Isroil harbiy operatsiyasidan keyin Eron tomonidan cheklangan Hormuz bo‘g‘ozini aylanib o‘tish imkonini beradi.
“Bloomberg” manbalariga ko‘ra, bo‘g‘oz yopilishidan avval ushbu yo‘nalish orqali kuniga taxminan 15 million barrel neft tashilgan. Bo‘g‘ozda cheklovlar kuchaygach, tankerlar oqimi Saudiya Arabistonining Qizil dengizdagi Yanbu portiga yo‘naltirilgan. Hozirda bu port orqali xom neft eksporti kuniga 5 million barrelga yetgan. Kpler tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1–26 mart kunlari oralig‘ida Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish hajmi 95 foizga kamaygan.
Shu bilan birga, Eron ayrim cheklovlarni yumshatgan. Pokiston Tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dorning ma’lum qilishicha, Eron yana 20 ta Pokiston bayrog‘i ostidagi kemaning bo‘g‘ozdan o‘tishiga ruxsat bergan. Unga ko‘ra, kemalar bosqichma-bosqich – har kuni 2 tadan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali tranzit uchun to‘lov joriy etganini bildirgan. Tehron to‘lov miqdorini oshkor qilmagan, biroq ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, tasdiqlangan tashuvchilar uchun “xavfsiz yo‘lak” tashkil etilib, bitta operator taxminan 2 million AQSH dollari to‘lagan. Ruxsatnomalar har bir holat bo‘yicha alohida berilgan.
30 mart kuni esa Eron parlamentining xavfsizlik bo‘yicha komissiyasi bo‘g‘ozdan o‘tganlik uchun boj undirishni nazarda tutuvchi rejani ma’qullagan. Rejaga ko‘ra, bo‘g‘ozdan AQSH yoki Isroilga aloqador kemalar o‘ta olmaydi.
Xitoy va Pokiston Eron bilan AQSHni yarashtirib qo‘ymoqchi
Bir oydan beri Yaqin Sharqda davom etayotgan urushda yana “tinchlik rejasi” o‘rtaga tashlandi. Biroq, bu safar AQSHdan emas. 31 mart kuni Xitoy va Pokiston Eron urushini to‘xtatish uchun 5 banddan iborat tinchlik rejasini taklif qildi. Pokiston Tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dor va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I o‘rtasidagi Pekindagi muzokaralardan so‘ng e’lon qilingan ushbu reja beshta asosiy tamoyilga asoslanadi:
- Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish.
- Mintaqadagi qurolli to‘qnashuvlarga darhol chek qo‘yish.
- Tinchlik muzokaralarini boshlash.
- Imkon qadar tezroq diplomatiya va muloqot stoliga o‘tish.
- Kuch ishlatishdan tiyilish.
Fuqarolik obektlarini himoya qilish. Tinch aholiga hamda hayotiy muhim infratuzilmalarga (energetika ob’ektlari va suvni chuchuklashtirish zavodlari) hujumlarni to‘xtatish. Dengiz yo‘llari xavfsizligini ta’minlash. Strategik Hormuz bo‘g‘ozi orqali fuqarolik va tijorat kemalarining xavfsiz va to‘siqsiz o‘tishini kafolatlash.
AQSH muzokaralar davom etayotganini da’vo qilayotgan bo‘lsa-da, Eron buni rad etmoqda. Shunga qaramay, har ikki tomon muloqot va diplomatiya mojarolarni hal qilishning yagona varianti ekanini biladi. Tomonlarning fikricha, barqaror tinchlik BMT nizomi va xalqaro huquq normalariga asoslanishi shart. Hozirda jangovar harakatlarning dengiz qatnoviga, xususan, bo‘g‘ozdagi harakatga salbiy ta’siri xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Live
Barchasi