Hormuzdagi ochdi-yopdilar, va’daga xiyonat va yangi urush ehtimollari
Tahlil
−
19 aprel 2417 19 daqiqa
Hormuz bo‘g‘ozi hammaga ochildi. Tramp Eronga minnatdorlik bildirdi. Lekin u 18 aprelda yana yopildi. Mantiq qayerda? Mashhur bloger Putinga keskin murojaat yo‘llab, xalq undan qo‘rqishini aytdi. Unng taqdiri endi nima bo‘ladi? Qirg‘izistonda Tashiyevning ikki shotiri ham hibslandi. Isroil va Livan 10 kunlik sulh e’lon qildi, ammo oradan bir soat o‘tib yana bombalash boshlandi. Turkiyada o‘quvchilar qurolli hujumlar uyushtirib, o‘nlab odamlarni o‘ldirdi. Bu Isroilning yangi urushi boshlanayotganini anglatadi. O‘zbekistonlik ayolning o‘limida gumonlanayotgan shaxs o‘zini nogiron qilib ko‘rsatyapti. Sud buni qanchalik hisobga oladi? Bu haftada dunyo siyosati yana bir bor o‘zining ikkiyuzlamachilikka boy tabiatini namoyon qildi. Bir tomonda “tinchlik” deb jar solayotgan qudratli davlatlar, ikkinchi tomonda esa o‘z huquqlari va hatto yashash uchun kurashayotgan xalqlar. Ortda qolayotgan 7 kunlikdagi jahonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilamiz.
Rossiyalik blogerlar Putindan norozi
So‘nggi kunlarda Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida kutilmagan va keskin norozilik yuzaga keldi. Mashhur bloger va teleboshlovchi Viktoriya Bonya Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga 18 daqiqalik videomurojaat yo‘lladi. Unda hamma Putindan qo‘rqishini aytgan.
“Murojaatni xalq nomidan qilyapman. Ular mendan buni so‘rashmadi, lekin ich-ichimdan bu videoni yozish kerakligini his qilyapman. Nima uchun? Chunki, Vladimir Vladimirovich, sizdan qo‘rqishadi. Xalq sizdan qo‘rqadi. Blogerlar qo‘rqadi. Artistlar qo‘rqadi. Gubernatorlar qo‘rqadi. Siz esa mamlakatimiz prezidentisiz. Nazarimda, biz qo‘rqmasligimiz kerak. Men qo‘rqmayman. Menimcha, siz bilan biz — oddiy xalq o‘rtasida ulkan, qalin devor bor va men shu devorni teshib o‘tishni xohlayman. Bugun men juda muhim bo‘lgan, ammo birorta ham gubernator gapira olmaydigan beshta mavzu haqida gapiraman”, degan u.
“Xalq nomidan” deb gapirgan bloger Dog‘istondagi suv toshqinlari va unga munosabatni tanqid qilgan. Bu mamlakatda 5 aprelga o‘tar kechasi boshlangan kuchli yomg‘irlar oqibatida 6 mingdan ortiq odam jabr ko‘rdi, uylar suv ostida qoldi va kamida 6 kishi halok bo‘lgani rasman aytildi. Blogerning iddao qilishicha, yordam juda kech berilgan.
“Nima uchun dastlabki 24-48 soat, hatto 72 soat ichida hech qanday yordam berilmadi? Nima uchun faqat 10 kundan keyin bu haqda gapira boshlashdi? Nima uchun dahshatli falokat yuz bermoqda?” deydi u.
Bloger ekologik va iqtisodiy muammolarni ham sanab o‘tgan. Anapa qirg‘oqlaridagi ulkan mazut dog‘lari va Novosibirsk viloyatida chorva mollarining noqonuniy musodara qilinishi, "Qizil kitob"ga kiritilgan hayvonlarni ovlashga ruxsat berilishi bo‘yicha rejalashtirilayotgan qonun loyihasini ham tanqid qildi.
“Onam Anapada yashaydi, u yerda yana mazut dog‘i paydo bo‘lgan, buning hech qanday yaxshi tomoni yo‘q. Ulkan mazut dog‘i koinotdan ham ko‘rinib turibdi... Odamlar hozir suvni qushlarning o‘ligidan o‘z qo‘llari bilan tozalashmoqda, mazutni yana o‘z qo‘llari bilan yig‘ishmoqda”, deydi bloger.
Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida joylashgan Anapa shahri Qora dengiz bo‘yidagi eng mashhur kurort zonalardan biri hisoblanadi. U yerda sohillar balchiqlashgan, suvlar esa ifloslangan. Mazutning qayerdan paydo bo‘lganiga kelsak, bu borada bir nechta asosiy sabablar taxmin qilinadi. Birinchisi: kemalar tomonidan neft chiqindilarini noqonuniy tashlanishi. Ikkinchisi, hudud portidagi avariyalar: Anapaga yaqin masofada neft yuklash portlari bor. U yerdagi yuklash vaqtida texnik nosozliklar tufayli tez-tez sizib chiqishlar kuzatiladi. Xullas, bu mazut dog‘lari dengiz hayvonlari va qushlar uchun o‘lim xavfini tug‘dirmoqda. Hozirda ko‘ngillilar o‘z qo‘llari bilan mazutga botgan qushlarni tozalab, qirg‘oqni balchiqdan qutqarishga harakat qilishmoqda.
10 aprel kuni Rossiya hukumati Telegram messenjerini deyarli 100 foiz darajada bloklab qo‘ygandi. Bloger bu holat odamlarni bir-biridan uzib qo‘yganini va ma’lumot olish imkoniyatini yo‘qqa chiqarganini ham ta’kidladi.
“Agar yopilgan narsalarning o‘rnini bosadigan birorta ijtimoiy tarmoq yaratishganida, biz “O, zo‘r! Instagram'ning nima keragi bor? Telegram'ning nima kerakgi bor?” degan bo‘lardik. Ular yaratgan narsa ishlamaydi, sizga yolg‘on gapirishyapti. Ishlamaydi. Shu sabab siz juda ko‘p odamlarni qarindoshlari bilan bog‘lanish imkonidan mahrum qildingiz. Va yana taqiqlashda davom etyapsiz. Taqiqlaymiz, taqiqlaymiz, taqiqlaymiz... Xuddiki biz endi erkin mamlakatda emas, qandaydir dunyodan uzilgan davlatda yashayotganga o‘xshaymiz”, degan bloger.
U Rossiya aholisi hozir nimalar sodir bo‘layotgani haqida Prezidentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoza oladigan platforma yaratishni taklif qilgan. Viktoriya Bonyaning murojaatini bloger va boshlovchi Ayza ham qo‘llab-quvvatlagan. U Telegram’ning bloklanishini tanqid qilib, ma’lumot olish imkoniyati to‘liq yopilganini aytgan.
“Men, albatta, Prezidentimiz haqiqatan ham bexabar ekanligiga chin dildan umid qilaman... Aholining 1 foizida bor narsa nima uchun 99 foizida yo‘qligini tushunmayapman... Bazaviy ehtiyojlar qondirilmagan”, deydi bloger.
Viktoriya Bonyaning chiqishi nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda alohida e’tiborga tushdi. Tomosha qilishlar soni qariyb 28 mln bo‘lgan, 1.5 mln odam layk bosgan. Qariyb 120 ming odam repost qilgan. Bu o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Kreml Bonyaning murojaatiga javob berdi. 16 aprel, payshanba kuni Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Viktoriya Bonya ko‘targan masalalarga to‘xtaldi.
U bloger tomonidan tilga olingan muammolar “juda katta rezonansga ega” ekanini tan oldi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘nalishlarda allaqachon keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, ko‘plab mutaxassislar jalb etilgan va hech bir murojaat e’tiborsiz qoldirilmaydi.
Rasmiy javobdan so‘ng, Viktoriya Bonya ijtimoiy tarmoqlarda yangi video joylashtirdi. Unda bloger ko‘zida yosh bilan Kremlga murojaati bee’tibor qolmagani uchun minnatdorlik bildirdi. Shu videodan keyin hammasi sahnalashtirilgan “spektakl”, “xalqni chalg‘itish uchun tomosha qo‘yishdi” deganlar ham paydo bo‘ldi. Bu qanchalik haqiqat bilmaymiz-ku, ammo endi Putin istalgan mamlakatga hujum qilish vakolatiga ega bo‘lgani aniq fakt.
Rossiya Davlat Dumasi Prezident Vladimir Putin vakolatlarini kengaytiruvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Unga ko‘ra, Prezident xorijiy davlatlarda rossiyalik fuqarolarni “himoya qilish” maqsadida armiyani yuborishi mumkin.
Hujjatga ko‘ra, agar Rossiya fuqarolari boshqa davlatlarda hibsga olinsa, ushlab turilsa yoki ta’qib qilinsa, Rossiya Prezidenti harbiy kuch ishlatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bu, ayniqsa, Moskva tan olmaydigan xalqaro sud organlari yoki Rossiya ishtirokisiz qaror chiqaradigan sudlarga nisbatan qo‘llaniladi.
“Davlat Dumasining Mudofaa qo‘mitasi qonun loyihasining konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, chunki taklif etilayotgan me’yor Rossiya fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, Rossiya tashkilotlarini xorijiy noqonuniy tajovuzlardan himoya qilishga, shuningdek, tashqi yo‘nalishda davom etayotgan ashaddiy rusofobiya kampaniyasiga qarshi kurashishga yordam beradi”, degan Davlat Dumasining Mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov.
Hech kimga sir emas, xalqning dardi gohida katta siyosiy o‘yinlar uchun zamin, gohida esa harbiy ambitsiyalarni oqlash uchun “himoya” niqobiga aylanmoqda. Aslida, bu kabi geosiyosiy shaxmat taxtasida oddiy xalq hamisha qurbonlikka keltiriladigan piyodadir. Dunyoning bir nuqtasida “xalqni himoya qilish” bahonasi bilan armiya yuborilsa, boshqa bir nuqtasida o‘n minglab insonlar “demokratiya” o‘yinlarining qurboniga aylanmoqda. Siyosatshunoslar bir haqiqatni bot-bot takrorlaydilar: urushda hech qachon g‘oliblar bo‘lmaydi. Tepada o‘tirgan 3-4 nafar siyosatchining shaxsiy ambitsiyalari sabab, maydonlarda begunoh minglab insonlar halok bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida “tinchlik” deb jar solib, ortidan o‘zga davlatlar tuprog‘iga bomba yog‘dirish bugungi dunyo tartibining eng achchiq haqiqatidir.
Mana shu ikkiyuzlamachilik, ayniqsa, G‘arb va Sharq o‘rtasidagi ritorikada yaqqol ko‘rinmoqda. Xususan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko AQSHning dunyo miqyosidagi harakatlarini inson huquqlari va demokratiya nuqtai nazaridan keskin tanqid qildi.
Lukashenkodan G‘arbga "saboq"
Aleksandr Lukashenko RT telekanali boshlovchisi Rik Sanchesga bergan intervyusida Vashingtonning tashqi siyosatini ayovsiz tanqid qildi. Uning fikricha, AQSH tomonidan tez-tez takrorlanadigan “inson huquqlari” tushunchasi shunchaki siyosiy qurol bo‘lib, amalda buning aksi bajarilmoqda.
“Sizlar faqat qandaydir demokratiya va inson huquqlari haqida gapirasiz – bularning hammasi shunchaki safsata. Sizning Venesueladagi siyosatingiz, Kubaga bo‘layotgan tahdidlar, Yaqin Sharqdagi urush va boshqa harakatlaringiz sizlarning haqiqiy diktator ekaningizdan dalolat beradi. Sizlar hech qanday demokrat emassiz”, deydi Lukashenko.
Belarus rahbari o‘z so‘zlarini isbotlash uchun Eronning Minob shahridagi maktabda sodir bo‘lgan, 175 kishining hayotiga zomin bo‘lgan fojiani misol qilib keltirdi.
“Qaysi inson huquqlari haqida gapiryapsiz? Agar siz inson huquqlari tarafdori bo‘lsangiz, unda insonga eng asosiy huquqni – yashash huquqini amalga oshirishga imkon bering. Hali demokratiya nima ekanini o‘rganishingiz kerak. Bizda bu demokratiya siznikidan yuz marta ko‘proq. Haqiqiy demokratiya – haqiqiy inson huquqlari bizda”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Putinning shotiri sifatida ko‘riladigan shaxs tomonidan ikkiyuzlamachilikda ayblangan AQSH Prezidenti Donald Tramp 16 aprel kuni shov-shuvli bayonot bilan chiqdi. U Truth social tarmog‘ida Isroil va Livan yetakchilari o‘rtasida 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Livan Prezidenti Jozef Aun va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 17 aprel kunidan boshlab sulhni rasman boshlashga rozi bo‘lishgan.
“Hizbulloh” ham sulhni tan olgan bo‘lsa-da, o‘z harakatlari Isroilning qadamlariga bog‘liq bo‘lishini bildirgan. Muhammad Bag‘ir G‘olibaf bu sulhni “qarshilik kuchlari barqarorligi natijasi” deb atab, ehtiyotkorlik bilan kuzatishini aytdi.
Bu kelishuv shunchaki tasodif emasdek ko‘rindi avvaliga. Chunki, 14 aprel kuni ikki davlat vakillari so‘nggi 34 yil ichida ilk bor Vashingtonda, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ishtirokida yuzma-yuz uchrashgan edi. Isroilning AQSHdagi elchisi Yexiel Leyter muzokaralarni “samarali” deb atadi. Ammo, “bu samara qog‘ozda qolib ketmasmikin” degan savollar yangradi dunyo mediasida. Javob uzoq kuttirmadi!
10 kunlik sulh 17 aprel kuni tun yarmidan kuchga kirgan bo‘lsa-da, Livan milliy axborot agentligi oradan bir soat o‘tmay Isroil armiyasi janubiy Livandagi Al-Xiyam va Dbeybin shaharlariga zarba berganini ma’lum qildi. Bekaa hududida dron hujumlari qayd etilgan.
Ko‘rinib turibdiki, Netanyaxu uchun har qanday sulh — bu yangi nishonlar sari intilishdan oldingi kichik bir tanaffusdir. Xalqaro ekspertlar “Netanyaxuning keyingi nishoni Turkiya bo‘ladimi?”, deb ochiqchasiga savol berishyapti. “Katta Isroil” rejasi haqidagi xavotirlar ortida bu kabi sulh buzilishlari oddiy holga aylanib bormoqda. Bu haqida keyinroq batafsil gaplashamiz.
Hormuz bo‘g‘ozi hammaga ochildi
Yaqin Sharqdagi bu harbiy keskinliklar o‘rtasida kutilmagan iqtisodiy burilish yuz berdi. Eron Isroil va Livan o‘rtasidagi sulh muddati davomida Hormuz bo‘g‘ozi barcha tijoriy kemalar uchun to‘liq ochiq bo‘lishini e’lon qildi. Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bu qarorni aynan tinchlik kelishuvi muddati bilan bog‘ladi.
Ushbu xabar e’lon qilinishi bilan jahon bozorida Brent nefti narxi qariyb 9 foizga arzonlashib, 90 dollar atrofida qayd etildi. Donald Tramp Eronning bu qarorini olqishlab, minnatdorlik bildirdi. Biroq, Tramp bu yerda ham o‘zining “o‘ziga xos” uslubini namoyon etdi — u o‘z postida bo‘g‘oz nomini Hormuz emas “Eron bo‘g‘ozi” deb atadi. Bugungi siyosatda davlatlar o‘rtasidagi “paxta qo‘yishlar” va kutilmagan minnatdorchiliklar ortida aslida qancha vaqt davom etadigan manfaatlar yashiringanini faqat vaqt ko‘rsatadi. Aytgancha, urush avjiga chiqqan paytda AQSH prezidenti xuddi shu bo‘g‘ozni “Tramp bo‘g‘ozi” deb ham atagandi.
Isroilning keyingi nishoni Turkiya
Siyosiy maydondagi bu kutilmagan “shaxmat yurishlari” va vaqtinchalik sulhlar ortida aslida ancha chuqurroq va xatarliroq strategiyalar yashiringandek. Xohlaymizmi-yo‘qmi, Isroil va Livan o‘rtasidagi 10 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining hali siyohi qurimay turib buzilgani, mintaqadagi xavotirlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Xalqaro hamjamiyatni o‘ylantirayotgan eng asosiy savol esa bitta: Isroilning keyingi nishoni kim?
Aynan shu nuqtada mintaqaning asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Turkiyaning pozitsiyasi va xavotirlari vaziyatga oydinlik kiritadi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bu borada keskin va ogohlantiruvchi bayonot bilan chiqib, Netanyaxu hukumatining uzoqni ko‘zlagan rejalarini ochiqladi.
Hoqon Fidanning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning hozirgi harbiy-siyosiy doktrinasi doimiy “tashqi dushman” mavjudligiga asoslangan. Eron bilan bog‘liq keskinliklar ma’lum bir nuqtaga yetgach, Isroil o‘z e’tiborini boshqa tomonga qaratishi tayin.
“Erondan keyin Isroil dushmansiz yashay olmaydi. Biz uning Turkiyani yangi dushman sifatida e’lon qilish yo‘lini izlayotganini ko‘ryapmiz”, — deydi Fidan.
Bu shunchaki siyosiy taxmin emas, balki mintaqadagi xavfsizlik arxitekturasining o‘zgarishi haqidagi jiddiy ogohlantirishdir. Fidanning fikricha, Isroilning Suriyadagi harakatlari ham Turkiya uchun bevosita xavf tug‘diradi. Hozircha Eron bilan band bo‘lgan Netanyaxu ma’muriyati, vaqti kelishi bilan “geosiyotik o‘yin doskasi”dagi nishonni o‘zgartirishga harakat qilishi mumkin.
“Suriyada katta muammoli hududni ko‘ryapmiz, bu biz uchun jiddiy xavf. Hozir Isroil Erondagi vaziyat sabab ayrim harakatlarni qilmayapti, ammo bu kelajakda ham shunday bo‘ladi degani emas. Vaqti kelganda buni amalga oshirishni istashi mumkin”, deydi u.
AQSH va Eron o‘rtasidagi muloqotlarga to‘xtalar ekan, Turkiya TIV rahbari jarayonning murakkabligini yashirmadi. Uning ta’kidlashicha, Vashington va Tehron o‘t ochishni to‘xtatish masalasida samimiy bo‘lsa-da, tomonlarning dastlabki talablari o‘ta yuqori darajada.
“AQSH va Eron o‘t ochishni to‘xtatish masalasida samimiy. Dastlabki pozitsiyalar odatda biroz maksimalist bo‘ladi. Keyinchalik tomonlar vositachilar ko‘magida umumiy nuqtaga kelishga harakat qiladi. Eng muhimi, o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va uni davom ettirish uchun barqaror niyat bo‘lishi kerak. Menimcha, hozir har ikki tomon ham bu borada samimiy va zaruratni anglayapti. Isroilning bu jarayondagi buzuvchi rolini doimo hisobga olish kerak. Biz bu haqda amerikaliklarga ham, boshqa tomonlarga ham muntazam aytib kelyapmiz. Hozircha amerikaliklar ham, eronliklar ham o‘z mamlakatlariga qaytishdi. Ayniqsa, eronliklar AQSH tomonidan taqdim etilgan taklifni ko‘rib chiqadi va unga javob beradi, deb o‘ylayman”, degan vazir.
Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi va neft narxining tushishi iqtisodiy jihatdan nafas olishga imkon bergandek ko‘rinsa-da, Hoqon Fidanning bayonotlari siyosiy osmonda qora bulutlar hali tarqalmaganidan dalolat beradi. “Buyuk Isroil” rejasi haqidagi xavotirlar va Turkiyaning yangi dushman sifatida ko‘rilishi ehtimoli, Yaqin Sharqdagi tinchlik naqadar mo‘rt ekanligini yana bir bor isbotlamoqda. Hozircha diplomatlar muzokara stoli atrofida, harbiylar esa barmoqlarini tepki ustida ushlab turishibdi. Vaziyatning keyingi rivoji tomonlarning 15 kun ichida qanchalik yon berishiga bog‘liq bo‘ladi.
Ko‘zi qonga to‘lgan yoshlar
Yaqin Sharqdagi geosiyosiy o‘yinlar Turkiya chegaralariga qadar yaqinlashib kelayotgan bir paytda, mamlakat ichkarisida ham kutilmagan va xavfli alomatlar ko‘rina boshladi. Hoqon Fidanning “Isroil Turkiyani yangi dushman sifatida e’lon qilish yo‘lini izlayapti” degan ogohlantirishi fonida, Turkiya ta’lim muassasalarida ketma-ket yuz bergan qurolli hujumlar va tahdidlar vaziyatni yanada murakkablashtirdi.
14 aprel kuni Turkiyaning Shonliurfa viloyati Siverek tumanida joylashgan kasb-hunar va texnik litseyida qurolli hujum sodir bo‘ldi. Buning oqibatida 16 kishi jarohatlangan. Ularning orasida 12 nafar o‘quvchi, 2 nafar o‘qituvchi va 2 nafar fuqaro bo‘lgan. To‘g‘ri kelgan odamga o‘q uzgan o‘smir oxiri o‘zini ham otib tashlagandi.
Oradan bir kun o‘tib, ya’ni 15 aprel kuni Turkiyaning Izmir shahridagi Ege universitetida talaba kampusdagi boshqa talabalarga uzun tig‘li xanjar bilan hujum qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Oqibatda ikki kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgani ochiqlandi.
15 aprel kuni Turkiyaning Qahramonmarash shahridagi Ayser Chalik o‘rta maktabida ham otishma yuz berdi. Oqibatda 10 kishi halok bo‘lgan, ularning sakkiz nafari o‘quvchi bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 13 nafar jabrlanuvchi shifoxonaga olib borilgan. Ulardan olti nafari jonlantirish bo‘limida, uch nafari esa og‘ir ahvolda qolmoqda. Olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘q uzgan shaxs 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan va yonida beshta to‘pponcha borligi aniqlangan. Hujumdan so‘ng u ham o‘z joniga qasd qilgan.
“Turkiyada nega birdan bunday g‘alati ishlar boshlandi?”, degan savol sizni o‘ylantirgan bo‘lsa, QALAMPIR.UZ jamoasi tayyorlagan mana bu tahlil sizga javob topishda yordam beradi. Uni “Ko‘zi qonga to‘lgan avlod” sarlavhasi bilan topishingiz mumkin.
Bir necha kun ichida sodir bo‘lgan o‘xshash hujumlar va tanlangan manzillar o‘quv dargohi ekani shubhalarni keltirib chiqardi. Natijada jiddiy tekshiruvlar boshlandi. Turkiya huquq-tartibot idoralari ushbu hodisalar ortida shunchaki o‘spirinlarning buzilgan ruhiy holati emas, balki tizimli provokatsiya turganini aniqladi. Isroil bayrog‘i ostida faoliyat yurituvchi, 100 ming a’zoga ega “S31K” nomli guruh aniqlandi. Guruhda ommaviy otishmalar, yangi hujum nuqtalari va sanalari muhokama qilingan. Bu esa tashqi kuchlarning “gibrid urush” usullari orqali Turkiya ichida tartibsizlik chiqarishga urinayotgani haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda. Tezkor choralar natijasida 940 ta akkaunt cheklandi, 93 ta guruh yopildi va 83 nafar gumonlanuvchi hibsga olindi.
Vaziyatning jiddiyligini inobatga olib, Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi va Xalq ta’limi vaziri Yusuf Tekin yangi xavfsizlik protokolini e’lon qildi. Endilikda har bir maktabning kirish qismida ikki nafardan politsiya xodimi doimiy navbatchilik qiladi. Gaziantep kabi yirik viloyatlarda maktablar atrofi dronlar yordamida osmondan nazorat qilinmoqda. Yoshlarni radikal guruhlar ta’siridan himoya qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazorat kuchaytirildi.
Hoqon Fidan tomonidan aytilgan “Isroilning dushmansiz yashay olmasligi” haqidagi fikrlar fonida, Turkiya ichidagi bu kabi g‘alayonlar tasodifga o‘xshamaydi. Tashqi tomondan Isroilning Suriyadagi harakatlari va “Buyuk Isroil” rejasi Turkiya chegaralariga bosim o‘tkazayotgan bo‘lsa, ichkaridan raqamli platformalar orqali yoshlar ongini zaharlash harakatlari amalga oshirilyaptimi degan xulosaga kelish mumkin.
Dunyo yetakchilari Turkiyada to‘plandi
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an homiyligida va mamlakat Tashqi ishlar vazirligi mezbonligida 17–19 aprel kunlari Antaliya diplomatik forumi bo‘lib o‘tdi. Antaliya diplomatik forumi bugungi kunda shunchaki navbatdagi xalqaro tadbir emas, balki “Eski dunyo tartibi” inqirozga uchragan va yangisi hali shakllanmagan bir davrda “Global muloqot markazi”ga aylanib ulgurdi.
Forumning bu yilgi mavzusi ham ko‘p narsani anglatadi: “Ertani loyihalashda noaniqliklar bilan kurashish”. Tushunish mumkinki, diqqat markazida bugungi xalqaro tizimda kuchayib borayotgan noaniqliklar sharoitida davlatlarning qanday yo‘l tutishi, global tartibdagi o‘zgarishlarga moslashish va barqarorlikni ta’minlash masalalari turadi.
Antaliya Diplomatik forumi 2021 yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Tadbirga bu yil ham turli davlatlardan 20 dan ortiq prezident va bosh vazirlar, 50 dan ziyod tashqi ishlar vazirlari hamda yuzlab rasmiy delegatsiyalar hamda xalqaro tashkilot vakillari tashrif buyurgan.
Turkiya haqida gap ketar ekan, mamlakatdagi O‘zbekiston fuqarosiga aloqador jinoyat haqida ham eslab o‘tish mumkin. Yodingizda bo‘lsa, Turkiyaning Oydin viloyati Ko‘shk tumanida 2025 yil 5 iyul kuni o‘zbekistonlik Muattar Aliyevaning murdasi o‘zi ishlagan kazinodan topilgandi. 35 yoshli ayol boshidan o‘q yegan.
Prokuratura uning o‘limi yuzasidan kazino egasi – hibsda saqlanayotgan Rashid Yasanga nisbatan “qasddan odam o‘ldirish” moddasi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosini so‘ragandi. Joriy yilning 13 aprel kuni Muattar Aliyeva o‘limi bo‘yicha ilk sud jarayoni o‘tkazildi.
Gumonlanuvchi Rashid Yasan bergan ko‘rsatmasida 90 foiz nogiron ekanini, o‘ng qo‘lidan foydalana olmasligini aytib, qotillikni sodir etmaganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, sud uning o‘ng qo‘li bo‘yicha tibbiy xulosa olinishi kerakligini bildirgan. Shuningdek, u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan hamda suddan oqlov so‘ragan. Rashid Yasan muqaddam marhuma bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan. Sudda unga rashk sababli jinoyat sodir etgani haqida qo‘yilgan da’volarni inkor qilib, Muattar Aliyeva bilan munosabatlari “bir martalik” bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Odam sevgan ayolini o‘z qo‘li bilan boshqa erkakning oldiga yuboradimi? U mening sevgilim emasdi. Ahmad bilan munosabatini eshitgach, “menga boshqa telefon qilma, ajrashamiz”, dedim. U stol ustidagi qurolni oldi. “Seni ham otaman, o‘zimni ham otaman”, dedi va o‘rtaga qarata o‘q uzdi. Men to‘xtatishga harakat qildim, lekin o‘sha paytda yana bir marta o‘q uzildi. To‘sqinlik qila olmadim. Oldimga yiqildi. O‘sha zahotiyoq qonni to‘xtatishga urindim. Politsiyaga qo‘ng‘iroq qilganim uchun boshimga kelmagan kulfat qolmadi. O‘sha paytda o‘ng qo‘lim gipsda edi, bu haqda hujjatim ham bor. O‘ng qo‘limni umuman ishlata olmayman. Men o‘q uzmaganman”, degan Rashid Yasan.
Taxminan 7 soat davom etgan sud majlisida 4 nafar ayblanuvchi va 14 nafar guvohning ko‘rsatmasi tinglangan. Guvohlarning aksariyati Yasanning qarindoshlari ekani hamda ularning tergovdagi ko‘rsatmalari bilan suddagi bayonotlari o‘rtasida jiddiy tafovutlar borligi shubha uyg‘otgan. Ayniqsa, Ahmad voqea paytida qurol Aliyevaning qo‘lida bo‘lganini, tortishuv chog‘ida bir marta o‘q uzilgani, qurolni tortib olish jarayonida esa ikkinchi marta o‘q otilganini aytgani e’tiborni tortgan. Sud hay’ati ishni har tomonlama o‘rganish maqsadida muhim oraliq qarorlar chiqargan. Yasanning o‘ng qo‘li bo‘yicha tibbiy xulosa olinishi belgilangan. Shuningdek, Aliyevaning o‘limi yuzasidan Sud ekspertiza institutidan o‘q uzilgan masofa hamda qurol qaysi qo‘l bilan ishlatilganini aniqlovchi batafsil xulosa talab qilingan.
Bundan tashqari, sud voqea sodir bo‘lgan kazinoda tekshiruv o‘tkazishga va hali so‘roq qilinmagan guvohlarni ham tinglashga qaror qilgan. Asosiy gumonlanuvchi Yasanni qamoqda saqlash ehtiyot chorasi o‘z kuchida qoldirilgan. Keyingi sud majlisi esa joriy yilning 3 iyul kuni o‘tkaziladi.
Tashiyev yana bir lavozimidan o‘zi voz kechdi
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etilganidan buyon ilk bor rasmiy tadbirda ko‘rinish berdi. U 15 aprel kuni Qirg‘iziston futbol ittifoqining navbatdagi kongressida ishtirok etib, Qirg‘iziston futbol ittifoqi prezidenti lavozimidan o‘z xohishi bilan ketishini ma’lum qildi. “Sizlar bilan ko‘rishmaganimizga ancha bo‘ldi. Meni ko‘rib, ‘Bu qayerdan paydo bo‘lib qoldi?”, deb biroz hayron bo‘lgandirsiz”, deya so‘z boshlagan u.
“Futbolga muvaffaqiyatlar tilayman. Qirg‘izistonda futbol biznes sifatida qaralishi mumkin bo‘lgan narsa emas. Men o‘z vazifamni bajardim. O‘ylaymanki, sizlarning oldingizda rais sifatida oxirgi marta so‘zga chiqyapman. Endi bu yerga haqiqatan ham futbolni yaxshi ko‘radigan odam kelishi kerak”, deydi u.
Qamchibek Tashiyev bu lavozimda ikki yildan ortiq ishlagan. Kongressda u qilingan ishlar haqida hisobot berdi va uning rahbarligi davrida davlat ko‘magida qirg‘iz futboli o‘z tarixida ilgari kuzatilmagan natijalarga erishgan.
“Ikki yil ichida 17 ta yangi stadion qurdik, yana 14 tasi qurilmoqda. Bunga qariyb 7 milliard som yo‘naltirildi va xuddi shuncha miqdordagi ishlar davom etmoqda. Bu mablag‘lar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q – davlat va hamkorlarimiz katta yordam ko‘rsatdi”, deya bayonot bergan u.
Tashiyev ayrim lavozimlardan o‘z xohishiga ko‘ra ketayotganini ta’kidlasa, uning atrofidagi shaxslarning bugungi holatini ko‘rib vaziyat aslida qanday ekanini taxmin qilish mumkin. Masalan uning ikki shotiri ham hibslandi. Unga o‘rinbosar sifatida ishlagan Timur Shabdanbekov va Daniel Risaliyev qo‘lga olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Timur Shabdanbekov mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda. U Harbiy prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Daniel Risaliyev esa jinoyat ishi tergovi doirasida so‘roq qilish uchun IIV Tergov boshqarmasiga olib kelingan. Keyinroq sud unga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasini qo‘lladi.
Daniel Risaliyev 2025 yil dekabridan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan va kiberxavfsizlik masalalarini nazorat qilgan. Bungacha u maxsus xizmatlar tizimida ishlagan, jumladan, hududlardagi bo‘linmalarga rahbarlik qilgan. 2026 yil fevral oyi boshida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidagi kadrlar o‘zgarishi tufayli lavozimidan ozod etilgan.
Shabdanbekov esa 1999 yildan buyon milliy xavfsizlik organlarida xizmat qiladi. Turli lavozimlarda, jumladan, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmatida ishlagan. 2019 yil mart oyida u Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – davlatning birinchi shaxslari xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan To‘qqizinchi xizmat (Davlat qo‘riqlash xizmati) boshlig‘i etib tayinlangan. 2022 yil 13 iyulda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimini egallagan va joriy yilning 10 fevral kuni lavozimidan ozod etilgan.
Manbalarga ko‘ra, ular orasida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Norin viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari va bir necha bo‘lim boshliqlari, jumladan, kiberfiribgarlikka qarshi kurashish bo‘lim boshlig‘i ham bor. Jinoyat ishi tafsilotlari, shuningdek, ayblanuvchilarning har birining roli hozircha oshkor etilmagan. Xabar e’lon qilingan paytda ayblov tafsilotlari bo‘yicha rasmiy izoh berilmagan.