Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 20 mln so‘m beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 20 000 000 (yigirma million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni imzolandi.

“Mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 20 000 000 (yigirma million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin”, deyiladi hujjatda.

Mazkur Farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofoti tantanali hamda bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlashi ta’kidlangan.

Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Abdulla Aripov zimmasiga yuklangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made