InfinBANK xodimi mijozni o‘ldirib, jasadni kanalga tashlab yubordi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda InfinBANK xodimi mijozini o‘ldirib, uning jasadini kanalga tashlab yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi. 

Uning bildirishicha, joriy yilning 31 mart kuni soat 08:14 larda O‘zbekiston tumani, “Afg‘on” MFY, Abdurahmon Jomiy qishlog‘ida yashovchi fuqaro X.Z. viloyat IIB Navbatchilik qismining “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, jiyani E.S. joriy yilning 30 mart kuni Qo‘qon shahridagi “Infin bank” ATB Qo‘qon filialiga shartnoma tuzish uchun borib, qaytib kelmaganligini ma’lum qilgan.

Mazkur xabarga asosan hodisa joyi tezkor-tergov guruhi tomonidan mutaxassislar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida “Infin bank” ATB Qo‘qon filiali kredit bo‘limi mutaxassisi A.T. iqrorlik ko‘rsatuvi berib, unda bedarak yo‘qolgan S.E. joriy yil 30 mart kuni aksiya doirasida avtomashina uchun kredit olish maqsadida filialga kelgani, u bilan filialda o‘zaro tortishib qolgani, soat 13:00 larga qadar u bilan birga bo‘lib, so‘ng uning Tracker rusumli avtomashinasida o‘zaro gaplashib olish uchun yo‘lga chiqib, O‘zbekiston tumani, “Taraqqiyot” MFY hududiga borganini ma’lum qilgan.  Ushbu joyda o‘zaro janjallashgan, janjal davomida A.T. yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan avtomashina ichida fuqaro S.E. ning bo‘yin sohasiga bir necha marotaba urib, uni qasddan o‘ldirgan. U S.E. ning murdasini avtomashina ichida qoldirib, ish joyiga qaytib borgan va soat 19:00 larga qadar ishda bo‘lib, ishdan so‘ng avtomashinasida Katta Farg‘ona kanalining O‘zbekiston tumanidagi “To‘lash” mahallasidan oqib o‘tgan qismiga borib, S.E. ning murdasini kanalga tashlab yuborgan. Shundan so‘ng avtomashinasini Qo‘qon shahri, “Davronbek” MFY, Burchilik ko‘chasiga boshqarib borib, jinoyatini yashirish maqsadida avtomashinasini nam salfetka yordamida tozalab, qon dog‘i bilan ifloslangan oshxona pichog‘i, avtomashina poligi, nam salfetkalarni yo‘l bo‘yidagi chakalakzorga tashlab yuborgan.

Hozirda FVVning Farg‘ona viloyat boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida jabrlanuvchi S.E. ning murdasini qidirib topish choralari ko‘rilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro A.T. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura jasad mijoz InfinBANK

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing