Islandiya va Norvegiya YeIga a’zo bo‘lish g‘oyasiga qaytmoqda
Olam
−
30 mart 1941 3 daqiqa
Islandiya va Norvegiya Yevropa Ittifoqiga (YeI) qo‘shilish rejasini qayta ko‘rib chiqmoqda va buni xavfsizlik manbai sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
“YeI dasturxoni atrofida o‘rin egallash qo‘shimcha xavfsizlik va himoya taqdim etadi”, deydi Yevropaning kengayish bo‘yicha komissari Marta Kos.
Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirishi va AQSH Prezidenti Donald Trampning xatti-harakatlari – import tariflari hamda Grenlandiyani egallab olish tahdidi – ushbu davlatlarni Bryusselga yaqinlashishga undadi. Trampning siyosati AQSHning ittifoqchilarini himoya qilishga tayyorligini shubha ostiga qo‘ymoqda. Endi NATO davlatlari muqobil yo‘llarni qidirmoqda.
“NATOning o‘z vositalari bor, YeIniki esa boshqacha”, deydi norvegiyalik siyosatchi Ine Eriksen Syoreyde.
Reykyavik YeIga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklash yuzasidan referendumga tayyorgarlikni tezlashtirdi.
“Biz umumiy qadriyatlar – demokratiya, erkinlik, inson huquqlari va hududiy yaxlitlikka ega katta davlatlar guruhida kuchliroq bo‘lardik”, deydi Islandiya Tashqi ishlar vaziri Torgerdur Katrin Gunnarsdottir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, YeIning jozibadorligi mudofaa va xavfsizlik, jumladan, iqtisodiy xavfsizlikdadir. Islandiya 2009 yilgi moliyaviy inqiroz davrida ariza topshirgan, biroq 2013 yilda muzokaralarni to‘xtatib, 2015 yilda arizasini butunlay qaytarib olgan.
Norvegiya 1992 yilda a’zolik uchun ariza bergan, lekin ikki yildan keyin o‘tkazilgan referendumda uni rad etgan. Hozirda a’zolikni qo‘llab-quvvatlovchilar soni ortib bormoqda. Norvegiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Maria Varteressian “El Pais” gazetasiga bergan intervyusida referendum o‘tkazilishi mumkinligini, ammo hozir ayni vaqti emasligini aytgan. Uning fikricha, hozircha natija salbiy bo‘lishi ehtimoli yuqori. Boshqa bir norvegiyalik mulozimning so‘zlariga ko‘ra, hozir yolg‘iz qolish uchun eng yomon vaqt.
“YeIning amaldagi a’zolari uchun Sharqiy Yevropa davlatlari hisobiga kengayishdan ko‘ra, boyroq davlatlarni qabul qilish afzalroq ko‘rinmoqda”, deb qayd etadi “Politico”.
2004 yildan keyin qo‘shilgan barcha 13 ta davlat YeI byudjetiga kiritgan mablag‘idan ko‘ra ko‘proq foyda olmoqda. Xuddi shu holat hozirgi nomzodlar – Ukraina, Moldova, Albaniya, Serbiya va Chernogoriya bilan ham takrorlanishi mumkin. Shu sababli, amaldagi a’zolarni ularning qo‘shilishiga ko‘ndirish qiyinroq bo‘ladi – ular YeI byudjetidagi mablag‘larni ko‘proq bo‘lishishlariga to‘g‘ri keladi.
YeI hukumatlari yangi davlatlarning matbuot erkinligi, sudlar mustaqilligi va demokratik institutlar kabi asosiy qadriyatlarga sodiqligiga shubha bilan qaramoqda.
“Bizga yana bir Vengriya yoki Slovakiya kerak emas. 10-15 yildan keyin bu mamlakatlarda nima bo‘lishini bilmaymiz va yana bir Orbanga duch kelishimiz mumkin. Islandiya va Norvegiyada esa barqaror demokratik institutlar mavjud va ularda bunday muammolar yo‘q. Ular talablarga allaqachon 80 foizga javob beradi”, deydi YeI mulozimi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlar uchun Yevroittifoqqa qo‘shilish jarayoni juda tez amalga oshishi mumkin.
Live
Barchasi