Italiya ketma-ket uchinchi bor mundialga chiqa olmadi
Sport
−
01 aprel 4391 2 daqiqa
Bugun, 1 aprelga o‘tar kechasi Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) hududida JCH-2026 saralashining pley-off o‘yinlari yakunlandi. Bir vaqtning o‘zida to‘rtta mini-turnir finali bo‘lib o‘tdi. Bahslar bitta o‘yindan iborat formatda o‘tkazildi va g‘oliblar Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
O‘yinlarning yarmi asosiy vaqtda hal bo‘ldi. Turkiya terma jamoasi Prishtinada Kosovo ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yagona golni 53-daqiqada Karim Akturkog‘lu kiritdi. Shu tariqa turklar 2002 yildan beri ilk bor Jahon chempionatiga yo‘l oldi.
Shvetsiya terma jamoasi Stokgolmda Polsha bilan bahsda 3:2 hisobidagi g‘alabani ilib ketdi. Mezbonlar safida Entoni Elanga (20), Gustav Lagerbilke (44) va Viktor Dyokeresh (88) gol urgan bo‘lsa, mehmonlardan Nikola Zalevskiy (33) va Karol Sviderskiy (55) o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Zenitsada bo‘lib o‘tgan Bosniya va Gersegovina hamda Italiya o‘rtasidagi uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobidagi durang bilan tugadi. Mehmonlar Moyze Kinning goli (15) evaziga oldinga chiqib olgandi, biroq keyinroq Alessandro Bastoni chetlatilgach (41), bir kishi kam bo‘lib qoldi. Mezbonlar Xaris Tabakovichning sa’y-harakatlari bilan (79) muvozanatni tikladi. Qo‘shimcha vaqtda hisob o‘zgarmadi. Penaltilar seriyasida esa bosniyaliklar kuchliroq chiqdi – 4:1. Ular o‘z tarixida ikkinchi bor Jahon chempionatiga yo‘l oldi. Italiya terma jamoasi esa ketma-ket uchinchi marta ushbu turnir saralashidan o‘ta olmadi.
Pragadagi Chexiya va Daniya o‘rtasidagi o‘yin ham penaltilar seriyasigacha davom etdi. Asosiy vaqtda mezbonlardan Pavel Shuls (3), mehmonlardan Yoakim Andersen (72) gol urdi. Ekstra-taymda jamoalar yana bittadan to‘p kiritdi (Ladislav Kreychi 100 va Kasper Xyog 112). Penaltilar seriyasida chexlar 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, 2006 yildan beri ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Live
Barchasi