Qozog‘istonda mol go‘shti eksportiga cheklov qo‘yildi
Olam
−
08:59 1803 2 daqiqa
Qozog‘istonda joriy yilning 31 dekabrigacha mol go‘shti eksportiga kvota joriy etildi. Bu haqda “Tengri News” xabar berdi.
Cheklovlar yangi, sovutilgan va muzlatilgan qoramol go‘shtiga taalluqli bo‘lib, umumiy kvota hajmi 13 ming tonnani tashkil etadi. Ushbu qoidalar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga ham, uchinchi davlatlarga ham go‘sht olib chiqishda amal qiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligida kvotalar joriy etilishi va eksport ustidan nazorat ichki bozorda go‘sht tanqisligining oldini olish hamda mol go‘shti narxlarini barqarorlashtirish uchun zarur chora ekani aytildi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bu choralar bozor raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Vazirlikning ta’kidlashicha, joriy etilgan yondashuv raqobatni cheklashga qaratilmagan, aksincha, to‘liq ishlab chiqarish sikliga asoslangan, shaffof va mas’uliyatli mol go‘shti yetishtirish modelini yaratishni maqsad qilgan.
Shuningdek, vazirlik yangi qoidalar kichik so‘yish sexlarining chorvani qo‘shni mamlakatlarga qayta sotishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan. Avval ayrim kompaniyalar hayvonlarni sotib olib, boqmasdan, jumladan, O‘zbekistonga ham eksport qilgan. Vazirlikka ko‘ra, bu holat bozorni buzib, mamlakat ichida mol go‘shti narxlarining oshishiga olib kelgan.
Vazirlikning qayd etishicha, kvotalash eksport bilan shug‘ullanuvchi, lekin chorva yetishtirish va boqish bilan band bo‘lmagan vositachilarni bozordan chiqarishga qaratilgan. Bunday faoliyat mol go‘shti narxining asossiz oshishiga sabab bo‘ladi va sohaning rivojlanishiga xizmat qilmaydi.
Bundan tashqari, vazirlik agrar soha mutaxassislari uchun subsidiyalar ko‘zda tutilganini ham ma’lum qilgan. Davlat naslli chorva sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplaydi. Xususan, mahalliy kelib chiqishga ega har bir bosh uchun 260 ming tenge (6 mln 58 ming so‘m), MDH va Ukraina davlatlaridan import qilingan chorva uchun 390 ming tenge (9 mln 87 ming so‘m), Yevropa, Amerika va Avstraliyadan olib kelingan chorva uchun esa 525 ming tenge (12 mln 232 ming 500 so‘m) to‘lanadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning sentyabr oyida Qozog‘istonda mol go‘shti narxlari keskin oshib, do‘konlarda bir kilogramm go‘sht 5-6 ming tenge (140 ming so‘mgacha) atrofida sotilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning sentyabr oyida dunyo bo‘ylab mol go‘shtining bir kilogramm o‘rtacha narxi 6,9 dollarga (83 629,38 so‘m) yetgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi