Quyuq tumanga nima sabab bo‘layotgani aytildi
Jamiyat
−
01 dekabr 2025 12801 3 daqiqa
So‘nggi kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘ylab sovuq antitsiklon ta’siri kuchayib bormoqda va ushbu jarayon 2025 yil 5 dekabrgacha saqlanib turishi prognozi qilinmoqda. Bu haqda Maxsus komissiya xabar berdi.
Qayd etilishicha, 29 noyabrdan boshlab sovuq antitsiklon yanada kuchayib, atmosfera bosimining ko‘tarilishi va havo haroratining pasayishiga olib kelmoqda. Natijada kechasi sovuq, kunduzi esa kuchsiz iliq ob-havo kuzatilmoqda. Sovuq antitsiklonlarga xos bo‘lgan ertalabki tumanlar kuzatilishi ehtimoli yuqori. Uzoq muddatli inversiya havodagi chang, tutun va mayda dispers zarrachalar konsentratsiyasining oshishiga, shuningdek, quyuq tuman hodisalari ehtimolining kuchayishiga olib keladi. Mazkur jarayon havoda zarrachalarning yuqoriga ko‘tarilmay, past qatlamlarda to‘planib qolishiga sabab bo‘ladi.
Bildirilishicha, so‘nggi kunlarda atmosferaga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni kamaytirish bo‘yicha katta hajmda ishlar amalga oshirildi va hozirda ham davom ettirilmoqda. Maxsus komissiya tomonidan Toshkent shahri va uning atrofida ifloslanish manbalarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. 24–28 noyabr kunlari amalga oshirilgan tadbirlar natijasida:
Issiqxonalar bo‘yicha:
- Jami 1 449 ta issiqxona o‘rganilgan, ularning 67 tasining faoliyati to‘xtatilgan, 403 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 19 ta xo‘jalikka gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar berilgan.
Qurilish ob’ektlari bo‘yicha:
- Toshkent shahrida jami 53 ta noqonuniy qurilish ob’ektlari aniqlangan;
- 34 ta ob’ekt faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, Atmosfera ifloslanishi qayd etilgan 186 ta holat aniqlanib, 188 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 51 ta qurilish ob’ektiga suvpurkagich o‘rnatilgan.
Avtotransport bo‘yicha:
- Yukni ochiq holda tashigan 837 nafar haydovchi, atmosferaga me’yoridan ortiq zarar yetkazgan 206 nafar haydovchi jarimaga tortildi.
Qo‘shimcha ekologik tadbirlar:
- Shahar bo‘ylab 77 ta ko‘cha va 165 ta jamoat joyi namlantirilgan, 121 km ariqlar tozalangan, 126 ta favvora ishga tushirilgan, Toshkent viloyatidagi daryolardan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha 54 ta holat aniqlangan.
Ushbu kompleks choralar natijasida so‘nggi kunlarda havoning ifloslanish darajasi ma’lum darajada kamaydi.
Xususan:
- 24 noyabr PM2.5 – 171 mkg/m³,
- 25 noyabr – 152 mkg/m³,
- 26 noyabr – 140 mkg/m³,
- 27 noyabr – 111 mkg/m³,
- 28 noyabr – 97 mkg/m³ gacha pasaydi.
Biroq hozirgi vaqtda mamlakat sovuq antitsiklon ta’sirida bo‘lganligi sababli, inversiya hodisasi kuchayib, havodagi mayda zarrachalarning muallaq holda yig‘ilib qolishi qayd etilmoqda. Mazkur holat tabiiy meteorologik jarayon bo‘lib, havoning tozalanish tezligini pasaytiradi.
Shu bois, tegishli davlat idoralari tomonidan nafaqat qisqa muddatli choralar, balki uzoq muddatli yechimlar ustida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Qolaversa Maxsus komissiya tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan atmosferaga zararli tashlamalar chiqarayotgan manbalarni aniqlab, bartaraf etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari tunu kun davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda havoni ifloslantirgan 20 ta korxona yopilgandi.
Live
Barchasi