Kastratsiya, umrbod qamoq, o‘lim jazosi. Pedofillarni nima qilsa bo‘ladi?
Intervyu
−
24 Oktabr 4356 3 daqiqa
Voyaga yetmagan qizlarning zo‘rlanishi, yo‘qotilgan bolalik, pedofiliya – bugun yana shu mavzu kun tartibida. O‘tgan hafta Namanganda 7 yoshli qizning 38 yoshli qarindoshi tomonidan zo‘rlangani haqidagi xabar sovimasidan, kuni kecha 16 yilga qamalgan pedofil Ohangaronda manzil koloniyadan qochib, 3-sinf qizning nomusiga tekkani ma’lum bo‘ldi. Ha, u o‘sha kunning o‘zidayoq ushlandi. Ammo ularning ikkalasi ham bu jinoyatni – norasidalarni zo‘rlashni –birinchi marta qilmagan. Bunday jinoyatlar surunkasiga avj olayotgani esa odamni tashvishga soladi, norozilik hissini uyg‘otadi.
Namanganda sodir bo‘lgan o‘sha jirkanch hodisa ortidan o‘zbek deputatlari pedofillarga umrbod qamoq jazosi so‘ray boshladi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deputati Dilnoza Azizova bu kabi holatlarga jiddiy jazo –umrbod ozodlikdan mahrum qilish chorasi belgilanishining vaqti kelganini aytdi.
“Bunday jinoyatchilar uchun kechirish, yengillik yoki ‘yaxshi xulq’ degan gap bo‘lmasligi shartligining yana bir isbotiga guvoh bo‘ldik”, dedi Azizova.
“Adolat” SDP deputati Dilmurod Ismoilov esa bolaga nisbatan jinsiy tajovuz qilgan shaxslarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish, takroriy sodir etilgan shunday jinoyatlar uchun jazoni yengillashtirish, shartli ozod qilish yoki alternativ jazo turlariga o‘tkazishni mutlaqo taqiqlash mexanizmlarini kiritish lozimligini bildirdi.
Xo‘sh, insoniyatga va bolalar psixologiyasiga kuchli xavf tug‘dirayotgan bu “tabiat xatolari”ni jamiyatdan qanday izolyatsiya qilish mumkin? Masalan, qo‘shnilarimiz bizdan ildamroq: Qirg‘izistonda pedofillarga nisbatan o‘lim jazosi joriy etilishi mumkin, Qozog‘istonda esa ular kimyoviy kastratsiya qilinadi. O‘zbekistonda esa ularga berilayotgan jazo choralari yetarlimi? Biz ham qo‘shni davlatlardan andoza olishimiz kerakmi? Ayni shu savol bilan biz o‘zbekistonliklarga yuzlandik.
Respondentlarimizning ko‘pchiligi pedofillarga qanday jazo chorasini ko‘rish mumkinligi haqida radikal javoblar qaytardi. “O‘lim. Boshqa chorasi yo‘q. O‘zini bilmaganlarga shu”, dedi ulardan biri. Boshqasi: “Menimcha, oliy jazo berish kerak”, deydi. “Otib tashlash kerak ularni, undaylarning dunyoga foydasi yo‘q”, dedi boshqa respondent. Yana biri esa ularni jamiyatdan uzoq tutish kerakligini, agar bunday bo‘lmasa, o‘ldirish lozimligini ta’kidladi.

“Bolalarni, yoshlarning tarbiyasini buzyapti-ku bular. Mana, ko‘p qavatli uylar orasida shunday ishlarga guvoh bo‘ldik. O‘zim 6-kvartalda turaman, bizda shunday voqea bo‘ldi. Yosh yigit qildi bu ishni, hamma dodladi”, deydi u.
O‘zining adabiy-ma’rifiy kontentlari bilan tanilgan ijodkor O‘lmas Temur esa bundan ikki yil avval Xorazm viloyatida oilaviy mehribonlik uyining voyaga yetmagan 3 nafar tarbiyalanuvchisi viloyat adliya boshqarmasi va tuman FVB rahbarlari bilan jinsiy aloqa qilishga majburlanganini esga oldi. U o‘shanda pedofillarni kastratsiya qilish kerakligini aytganini, o‘lim jazosidan ko‘ra buni og‘irroq jazo deb bilishini bildirdi.
“Butunlay vijdon azobida qiynalib, o‘zini o‘ldirib yuborsa ham yaxshi bo‘ladi. Menga qolsa, o‘lim jazosi emas, lekin o‘limdan ham og‘irroq – kastratsiya qilinsa, adolatli bo‘lardi deb o‘ylayman”, dedi so‘rovnoma ishtirokchisi.

Ushbu so‘ravnomani to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi